Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Diqqat, shaharda «GAI»!

Diqqat, shaharda «GAI»!

Foto: xabar.uz

Shu kunlarda ko‘pgina shaharlarda YPX xodimlari tomonidan yaxshi bir aksiya amalga oshirilmoqda. Ular yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilarni to‘xtatib, ularga bayram kayfiyati ulashmoqda.

To‘g‘ri, bunday olganda yaxshi tashabbus. Balki bu o‘sha doimiy hadikli haydovchilar va YPX xodimlari o‘rtasidagi azalik sovuq munosabatni iliqlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgandir. Ammo masalaning ikkinchi, bu xayrli tadbirning badalli tomoni ham borki, bu esa haydovchining gardaniga tushadi.    

Har qanday haydovchi, xoh u tartibli bo‘lsin, yo o‘ta qoidaparvar, YPX xodimiga ko‘zi to‘shishi bilan beixtiyor hushyor tortadi. Agar xodim sehrli tayoqchasini silkitsachi, ana shunda birinchi navbatda bir savol miyada charx uradi: «nima xato qildim, nega to‘xtatishdi?» Bu savol zumda asab tolalaringizni yemiradi, qayta tiklanmas qilib. Beixtiyor o‘f tortasiz, «GAI» esa yaqinlashmoqda, mashinada musiqa ovozi o‘chiriladi, garchi u taqiqlanmagan bo‘lsa-da. Og‘ir sukut, valeriankani shaylaysiz, u esa yaqinlashmoqda uch qadam, ikki...  nihoyat keladi, maromidagi tanishtiruvdan so‘ng, bayram tabrigini eshitasiz.

Tabiiyki, beixtiyor jilmayasiz, lekin bu tabrikdan emas, shu vaziyatda aybsiz ekaningizdan yoki biror jarimasiz vaziyatdan qutilayotganingizdan shodlanasiz, lekin stress hamon hamrohingiz.

Bu aslida kerakmi? Bir ayol hamkasbimiz xuddi shunday holatga 8 mart kuni duch kelganini aytib shunday degandi: «Svetafordan qayrilsam «GAI» to‘xtatdi, yuragim chiqib ketay dedi, nima aybim bor desam, bayram bilan tabriklashdi».

Albatta, bu opamiz ham, uni «jentelmen GAI» to‘xtatganda aniq biz yuqorida tasvirlagan vahimali holatga tushgan. U opadan tashqari shu holatga qancha ayollar duch kelgan, ular orasida homiladorlari, servahimalilari ham bordir. Yanakim, hozirgi asab kasalliklari urchigan zamonda aziz ayollarimiz va haydovchilarimizni shu tarzda sinovdan o‘tkazish shartmikan.

Biz YPX xodimlarining tabiriklashiga qarshi emasmiz, marhamat, tabriklashsin, buning uchun haydovchini qizil tayog‘i bilan to‘xtatib emas, shunchaki, ularga lozim topsa «chest» berib, bir tabassum hadya etishsa bas. Zero bu mehr va e’tiborni hazm etishimizda asablarimiz biror malhamga muhtojlik sezmasin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring