Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Lasetti Gentra» — mashina ishlab chiqarmaydigan davlatlarda ham 8 ming dollar atrofida, Bizda-chi?!

«Lasetti Gentra» — mashina ishlab chiqarmaydigan davlatlarda ham 8 ming dollar atrofida, Bizda-chi?!

Foto:«Avtorinok Uzbekistana»

Cheklovlar iqtisodiyotga foydami yoki zarar? Mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida xolis fikr.

Bugun ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan (hech mubolag‘asiz) o‘zimizning avtoulovlarni ko‘rib, dilimiz yayraydi. Faxr bilan aytamiz: o‘zimizniki! Ammo tanganing ikkinchi tomonida dilga g‘ashlik soladigan bir jihat bor: «o‘zimizniki» o‘zimizga qimmatga tushmayaptimi?

Keling, shu haqda fikrlashamiz.

Gapni tarixdan boshlasak, 1996-yili Asakada «O‘zDEU» zavodi ishga tushganida barchamiz «endi xorijdan «tuya bahosida ot olib kelmaymiz», «o‘zimizning mashinalarimizni minamiz», deya xursand bo‘lganimiz bor gap.

O‘shanda zavod ishlab chiqargan «Neksiya» avtomobilining narxi 7 ming AQSh dollari atrofida edi. Keyinchalik davlat zavodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to‘lanadigan import bojxona to‘lovlarini keskin ko‘tarib yubordi. Ya’ni, narxi 20 ming AQSh dollari bo‘lgan avtomobil uchun kamida 20 ming AQSh dollariga teng bojxona to‘lovlari belgilandi. Shunday qilib, endi qimmat bo‘lsa ham faqat «o‘zimizniki»ga kunimiz qoldi, «boriga shukur» qilib, mahalliy monopolist zavodning avtomobillarini xarid qilaverdik.

Lekin zavod ishlab chiqarayotgan avtomobillarining sifati tushib ketganiga qaramasdan, narxlarini yildan-yilga oshiraverdi. Dilerlik salonlarida «shapka» atamasi paydo bo‘ldi. Uning miqdori hatto 10000 AQSh dollarigacha yetib bordi. Eng qizig‘i, ushbu noqonuniy ishlarga yillar davomida barham berilmadi...

Hozirgi kunga kelib nomi o‘zgargan «GM Uzbekistan» zavodi «Lasetti Gentra» rusumli avtomobilni ichki bozorda o‘rtacha 15 ming AQSh dollariga sotmoqda. Bunday narx dunyoning hech qaysi davlatida yo‘q. Mashina ishlab chiqarmaydigan davlatlarda ham ushbu avtomobil narxi 8 ming AQSh dollari atrofida. Internetdagi masmotors.ru saytiga kirsangiz, «Lasetti Gentra» avtomobili Moskva shahrida 6 ming 500 AQSh dollaridan 8 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda taklif qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Nima sababdan boshqa davlatda arzon sotilayotgan ushbu avtomobillarni O‘zbekiston aholisi ham shu narxda sotib olish imkoniyatidan mahrum etilyapti? Mahsulotini ichki bozorda ikki barobar qimmat narxda taklif qilishdan ko‘zlangan maqsad nima?

Fikrimizcha, eng asosiy monopolist — «GM Uzbekistan» zavodiga berilgan imtiyozlar bekor qilinib, ushbu monopolist manfaatlarida asossiz ko‘tarib yuborilgan xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to‘lanadigan import bojxona to‘lovlari qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi bojxona to‘lovlari darajasiga tushirilishi lozim.

Agar shunday qilinsa:

Birinchidan, xorijda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli avtomashinalar («Toyota», «Mercedes», «Volkswagen», «BMW», «Audi», «Hyundai», «Volvo») importidan davlat budjetiga ko‘p miqdorda bojxona to‘lovlari kelib tushadi. Bu mablag‘lar «GM Uzbekistan» zavodi faoliyatidan davlat budjetiga kelib tushayotgan foyda summasidan ancha ko‘p miqdorni tashkil qiladi. Oddiy misolda buni isbotlashga harakat qilamiz: Yaponiyada ishlab chiqarilgan «Toyota-Corolla» avtomobilining Birlashgan Arab Amirliklaridagi narxi 14000 AQSh dollari. Shu mashina uchun Qozog‘istonda 7000 AQSh dollari, O‘zbekistonda esa 14000 AQSh dollari bojxona to‘lovlari to‘lanadi. «GM Uzbekistan» zavodida ishlab chiqarilgan «Lasetti Gentra» mashinasidan davlat 20 foiz foyda olsa ham, bu 3160 AQSh dollarini tashkil qiladi. Demak, O‘zbekistonda bojxona bojlari kamaytirilsa, har bir olib kelingan «Toyota-Corolla» mashinasidan davlat budjetiga 7 ming AQSh dollari miqdorida bojxona to‘lovi tushadi. Bu har bir «Lasetti Gentra» mashinasidan olinayotgan foydadan ikki barobardan ortiq foyda deganidir.

Ikkinchidan, «GM Uzbekistan» zavodi mahsulotlarining narxi tushib, aholimiz ancha arzon narxlarda avtomashinalarni sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda investitsion muhit tubdan yaxshilansa, dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari mamlakatimizda o‘z korxonalarini ochish istagini bildirishi mumkin.

Gap shu haqda ketar ekan, maishiy texnika bozoriga ham to‘xtalmasak bo‘lmaydi. So‘z yana bir monopolist korxona — «Artel» brendi ostida maishiy texnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar haqida ketayotganini, albatta, anglagandirsiz.

Ushbu korxonalar Xitoy va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan maishiy texnika vositalarining butlovchi qismlarini import qilib, O‘zbekistonda ularni yig‘ib, ichki bozorda tayyor mahsulot sifatida sotish bilan shug‘ullanadi.

Ichki bozorda «Artel» mahsulotlarining narxi Xitoydan import qilingan xuddi shu turdagi mahsulotlarning narxidan uncha katta farq qilmaydi. Ayrim hollarda, hattoki, qimmatroq ham. Bundan ko‘rinadiki, ushbu korxonalar ham O‘zbekiston aholisini arzon maishiy texnika vositalari bilan to‘liq ta’minlay olmayapti.

E’tiborli tomoni shundaki, mazkur korxonalar 2022-yilga qadar mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan materiallar va butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan (0,2 foiz bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari), shuningdek, foyda solig‘i, mulk solig‘i va Respublika yo‘l fondiga ajratmalarni to‘lashdan ham ozod etilgan.

Shunday ekan, unda nima sababdan ichki bozorda «Artel» mahsulotlari Xitoydan import qilingan shu turdagi mahsulotlardan arzon emas? «Artel» mahsulotlari Qozog‘istonda O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlardan kamida 30-40 foiz arzon sotilayotganini qanday tushunish mumkin? Xitoydan import qilingan maishiy texnika vositalarining Qozog‘iston bozorlaridagi narxlari ham O‘zbekiston ichki bozoridagi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan 30-40 foiz arzon. Nega?

Bayon etilgan tahlildan faqat bir xulosa qilish mumkin – elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, ularni qo‘llab-quvvatlash choralari kutilgan natijani bermayapti.

Xorijda ishlab chiqarilgan maishiy texnikaga belgilangan asossiz yuqori import bojxona to‘lovlarining Qozog‘istondagi bojxona to‘lovlari darajasiga tushirilishi ushbu mahsulotlarning O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlari pasayishiga olib keladi. Elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga berilgan imtiyozlar va davlat tomonidan qo‘llangan qo‘llab-quvvatlash choralari bekor qilinsa, O‘zbekiston ichki bozorida sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi.

Demak, «Artel» kompaniyasi ham butlovchi qismlarni import qilishda kamaytirilgan bojxona bojlarini to‘lab, sog‘lom raqobat muhitida o‘z mahsulotlarining ichki bozordagi narxini tushirishga majbur bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, aholining to‘lov qobiliyati, ya’ni ichki bozor salohiyatini yanada oshiradi. Import qilingan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxining ichki bozorda arzonlashishi qo‘shni davlatlardan ushbu mahsulotlarni sotib olib kirishga bo‘lgan ehtiyojni o‘z-o‘zidan yo‘qotadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va hajmi ko‘payishi, aholi daromadlari, ya’ni to‘lov qobiliyati, shuningdek, eksport oshishi milliy valyutamiz qadri yuksalishiga asos bo‘lishi esa natijalarning eng ahamiyatlisidir.

Abdurahmon Hamidov,
huquqshunos
Manba: «
O‘zA»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring