Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda ikki kunda 37 nafar mast haydovchi ushlandi

Toshkentda ikki kunda 37 nafar mast haydovchi ushlandi

Foto: «Newsbomb»

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 14-15-aprel kunlari mast holda transport vositasini boshqargan 37 nafar haydovchiga va tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan 22 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Bir xafta mobaynida, ya’ni 2018-yilning 09-aprelidan 15-apreliga qadar jami 18950 ta qoidabuzarliklar aniqlandi. Bulardan: 4574 ta qo‘pol qoidabuzarliklar, 112 ta mast holda transport vositasini boshqarish, 80 ta transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi, 277 ta svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik, 1109 ta belgilangan tezlikni oshirish holatlari qayd etildi.

Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Harakat xavfsizligining kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi tomonidan hafta mobaynida 3027 ta yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlangan bo‘lib, shundan 1635 tasi svetoforning ta’qiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, 1392 tasi belgilangan tezlikni me’yoridan oshirish holatlari kuzatildi.

Bunga qanday jazo qo‘llaniladi?

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa — eng kam ish haqining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish — eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yildan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Mazkur Kodeksning 136-moddasiiga binoan, transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam ish haqining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikning moped, velosiped haydovchisi, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilishi, eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Rivojlangan davlatlarda qanday jazo bor?

  • Yaponiyada ushbu huquqbuzarlik uchun 1 million yapon iyenasi miqdorida jarima, 5 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va 5 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
  • Amerika Qo‘shma Shtatlarida 300 dollar miqdorida jarima va 3 oy muddatga boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi, takroriy huquqbuzarlik uchun 5000 dollar miqdorigacha jarima va 2 sutkadan 6 oygacha muddatga qamoq jazosi belgilangan.
  • Italiyada esa 500 dan 2000 yevrogacha jarima va 3 oydan 6 oygacha boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi belgilangan.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring