Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaroqsiz «Cobalt» yetkazilishi ustidan o‘rganish boshlandi

Yaroqsiz «Cobalt» yetkazilishi ustidan o‘rganish boshlandi

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning so‘rov xatiga asosan, «UZAUTO MOTORS» AJ tomonidan iste’molchilarga «Chevrolet Cobalt» rusumli 4-pozitsiya avtomobillari o‘rindig‘ini isitish modulisiz yetkazib berish masalasini «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib bormoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘rganish natijalari haqidagi ma’lumot agentlik rasmiy sahifalari orqali batafsil e’lon qilinishi qayd etilgan.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev «UzAuto Motors» 4-pozitsiya «Chevrolet Cobalt»ni kutayotgan mijozlarga avtomobil o‘rindig‘ini isitish modulisiz taklif etayotgani yuzasidan munosabat bildirib, qator savollarni o‘rtaga qo‘ygandi. 

Birinchi, iste’molchiga kompaniya yarimo‘tkazgich topa oldimi yo‘qmi qizig‘i yo‘q. U haqini to‘lagan vassalom.

Kompaniya nega boshqa mamlakatlar avtomobil sanoatiga o‘xshab, avval avtomobilni ishlab chiqarib keyin sotuvga chiqarmayapti? Nega yo‘q narsaga oldindan pul oladi?

Ikkinchi, kompaniyaning iste’molchiga ko‘rsatmagan xizmat yoki bermagan tovari uchun oldindan haq to‘lab ishlashi halol va qonuniymi?

Uchinchi, kompaniya nuqsonli tovar bergani yoki  iste’molchiga vaqtida tovarni bermagani uchun neustoyka(penya) ham to‘lashi kerak. Buning hisob-kitobi bormi?

Chunki, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasida «Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi», degan norma bor.

Oddiy aytganda, kimdir 100 mln so‘mlik avtombilga pul to‘ladi-yu, avtomobil aytilgan komplektatsiyada bo‘lmasa yoki vaqtida haridorga yetkazib berilmasa, har o‘tkazib yuborilgan kun uchun unga 1 mln.dan pul to‘lanadi. Agar 100 kun kechiksa 100 mln to‘laydi.

Aytgancha, shu qonun normasini kompaniyaga yangi kelgan xorijlik bosh direktorgayam bildirib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi, — deb yozgandi deputat.

Ushbulardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ayni holatni o‘rganib, iste’molchilarni himoya qilish masalasida rasman so‘rov kiritilganini ham qayd etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring