Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yopishmagan gajjak». Andijon hokimining «qimmatbaho mashinasi»ga oid xabarlarga izoh berildi go‘yo...

«Yopishmagan gajjak». Andijon hokimining «qimmatbaho mashinasi»ga oid xabarlarga izoh berildi go‘yo...

Foto: Vodiy bozor kanali

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qimmatbaho «TAHOE» (narxi salkam 800 million so‘m!) xizmat mashinasi xarid qilganiga oid xabarlar tarqalgandi. Hokimning kotibi Mirzoxid Botirov mahalliy telekanalga bergan intervyusida  ayni mazmundagi xabarlarga izoh berdi go‘yo...

Uning aytishicha, hokimning xizmat mashinasi texnik nosozligi sabab  o‘sha kunlari «UzAuto Motors» balansidagi «TAHOE»dan vaqtincha foydalanib turgan. Vassalom!

Bu mazmundagi gap o‘ta ishonchsiz, hatto kulguli ekanini bir qarashda ilg‘ash qiyin emas.

Birinchidan, viloyat hokimining xizmat mashinasi rostanam texnik nosoz bo‘lsa, hokimlikda foydalanishga boshqa mashina yo‘qmidi?

Ikkinchidan, «UzAuto Motors» — Andijon viloyati hokimligining «shaxsiy tomorqasi» emas, shu ma’noda o‘z balansidagi qimmatbaho mashinani vaqtincha foydalanib turish uchun hokimga qo‘sh qo‘llab topshirilganiga ishonish qiyin.

Nihoyat, uchinchidan, tarqalgan suratlarda avtomashinaga davlat raqami (60 001 AAA) qadalganini ko‘rish mumkin. Bilishimizcha, ayni davlat raqami viloyat hokimining «texnik nosoz» xizmat mashinasiga tegishli. Endi savol: boshqa yuridik shaxs balansidagi mashinaga mutlaqo boshqa tashkilotga qarashli avtoulovning davlat raqamini qadab yurish borib turgan qonunsizlik emasmi?! Agar «izoh»ga ishoniladigan bo‘lsa, hokimning o‘zi (yoki haydovchisi) yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi kerak. Biroq Andijonda bunga «duxi» yetadigan vallomat  bormi — gap shunda!

Bilasiz, o‘tgan yili hokim viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ini vaziriga qo‘shib so‘kar ekan, «vlast qo‘lida ekani»ni alohida ta’kidlagan edi...

Xullas, hokimning matbuot kotibi bergan izohini «yopishmagan gajjak»ka o‘xshatish mumkin, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring