Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy etiladi

O‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy etiladi

Yurtimizda ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga qaratilgan Odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. O‘zbekistonda esa bachadon bo‘yni saratoni eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Kasalliklar orasida xavflilik ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida bachadon bo‘yni saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi.

Ta’kidlanishicha, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.

«Dunyoda OPVga qarshi vaksina bilan qizlar 2006 yildan boshlab emlanadi, — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimi Kamola Safayeva. — Yuzdan ortiq mamlakatlar undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani o‘zlarining milliy emlash kalendariga kiritgan. Ko‘p yillik o‘rganishlar  vaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda, ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi,  degan savol qiziqtirishi tabiiy. Dunyoda o‘tkazilgan tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu  vaksina qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sog‘lig‘ini ham  yanada mustahkamlaydi».

Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi va oktyabr oyidan boshlab 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring