Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Muhabbat chirimaydi (hajv)

Muhabbat chirimaydi (hajv)

Mana, yettinchi kuni, nihoyat Zulayho eri bilan gaplashib oladigan bo‘ldi. Bir kun qoldi-da, axir! Shu paytgacha Saidolim bahona topaverdi. Goh «boshim og‘riyapti, ertaga gaplashamiz», deydi, goh «to‘xta, yangiliklarni ko‘rib olay», deb televizorga yopishib oladi. Keyin o‘zini uxlaganga solib, yolg‘ondakam xurrakni boshlab yuboradi. Ertalab esa, «yomon uxlabman, bo‘ynim qiyshayib qopti», deb gapni buradi.

Zulayho bo‘sh kelmadi. Nihoyat, gapning mavridini topdi.

— Xo‘sh, bayramga nima olib berasiz? — deb so‘radi dangaliga u.

Saidolim avval shiftga qaradi, so‘ng yoniga boqdi. Aksiga olgandek, bahona topila qolmas, tiliga jo‘yali gap kelmasdi.

— Tilla soat! — dedi xotini, uning yuragini taka-puka, kayfiyatini rasvoyi jahon qilib.

— Nima? — avzoyi buzildi Saidolimning. — Q...q...qanaqa tilla soat, xotin (bu gapni shunday ohangda aytdiki, tarjimasi: «menga rahming kelsin, jodugar», degani edi).

— Tilla soat, dadasi!

— Nega? Nima uchun? Soat degani urfdan qolgan. Baraka topkur sotka ishlab chiqarayotganlar telefonga soat qo‘yib qo‘yishgan. Agar vaqtni bilmoqchi bo‘lsang, «sotka»ga qarasang...

— Yaxshi aytdingiz! Unda telefon olib bering. Butun boshli O‘zbekistonda faqat menda sotka bo‘lmasa kerak, dadasi! «Uyda o‘tirsang, sotkaga balo bormi?» devdingiz, esingizdami?

— Juda to‘g‘ri aytganman. Balo bormi?

— Men ham vaqtni bilishim kerak, umr o‘tib ketyapti, bittayam sovg‘a olmay! Devordagi soatlarga qarang, batareykalari tugagan!

— Batereyka olib beraman!

— Vijdoningiz bormi? Uyalmaysizmi? Shu vaqtgacha bir martayam sovg‘a olib berganingiz yo‘q hali!

— To‘xta-to‘xta, darrov nolima! Agar vaqtni bilmoqchi bo‘lsang, uy telefonidan menga qo‘ng‘iroq qil, soat nechchiligini aytib beraman. Ana shunda oila budjetiga ziyon yetkazmagan bo‘lasan.

— Hech bo‘lmasa, ko‘ylak olib bering.

— Qiziq gaplarni gapirasan-a?! Men ayollar ko‘ylagining farqiga borarmidim? Ko‘ylak deb bir baloni ko‘tarib kelaman-u, keyin sen u yog‘idan ham, bu yog‘idan ham kiya olmay, xunob bo‘lasan.

— Siz pulini bering, o‘zim olaveraman!

— Hamma gap shunda-da, xotin! Butun dunyoda iqtisodiy krizis bo‘lib yotibdi-yu gapingni qara! Afrikada qancha bola och! Nigeriyada qanchadan-qancha xotin-qizlar savodsiz. O‘qishga pullari yo‘q! O‘shalarni o‘ylamay, «pul bering», deysan! Bundoq xalqaro hamjamiyat haqida ham bosh qotirgin, xotin!.. O‘zi eng katta sovg‘a nima, bilasanmi?

Zulayho tumtayib javob berdi:

— Bilaman, juda yaxshi bilaman!

— Bilmaysan, xotin! Bilganingda «tilla soat», «ko‘ylak», deb vaysab o‘tirmasding!

— Juda yaxshi bilaman. Har yili qulog‘imga qo‘rg‘oshinday quyib qo‘ygansiz. «Eng yaxshi sovg‘a — muhabbat», deb!

— Bor ekansan-ku! Xotirang zo‘r-da! Muhabbat, bu — abadiy tuyg‘u! Muhabbat abadul-abad qoladi, qalblarda, dillarda mangu yashaydi. Ko‘ylak nima, etagi bir joyga ilinib, yirtiladi-ketadi. Ko‘ylak degani biror matodan qilinadi, chirib yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Muhabbat esa chirimaydi.

Xotini Saidolimga yeb qo‘ygudek qaradi:

— Bo‘ldi! Hech nima kerak emas! Ko‘nglingiz joyiga tushdimi?

— Sen dunyodagi eng yaxshi xotinsan, — dedi Saidolim rostdan ham ko‘ngli joyiga tushib. — Biz hali uzoq yashaymiz, bu yil olib bermasam...

— Hech bo‘lmasa, bayram kuni ovqat qilib berarsiz? — hanuz tumtayib gap qotdi xotini.

— Ovqat?..

— E, siz ovqat ham pishirolmaysiz, — qo‘l siltadi Zulayho. — Tuxum qovurishni bilasiz, xolos.

— Qovurib emas, qaynatib beraman! Keyin po‘chog‘ini shunaqangi archamanki, yaltirab aksing ko‘rinadigan bo‘ladi.

— Uyaling-yey! Bayramda hech bo‘lmasa, ovqat qilib berasizmi, devdim.

Darhaqiqat, Saidolim uyalib ketdi, xotiniga bir marta sovg‘a olib bermagan, ammo nima qilsin, har yili 8 mart arafasida puli tugab qoladi: yo maosh berishmaydi, yo berishsa ham ulfatlari bilan ichib qo‘yadi.

Ovqat qilishiga to‘g‘ri keladi. Hartugul, oshxonada kuymalanayotganini ko‘rgan xotinining vijdoni qiynalib, qo‘lidan kapgirni olar, o‘ldimi!

— Bilib qo‘ying, bayram kuni «gap»im bo‘ladi!

— Nima?.. Bekoringni aytibsan. Hech qayerga bormaysan!

— Gapni kalta qiling. Yo tilla soat, yo ko‘ylak, yoki men indamay «gap»imga ketamanu siz uyda ovqat pishirasiz!

Saidolim javob berdi:

— Hozirdan ketaver, jo‘na!

Ertasi kuni Zulayho ketish oldidan tayinladi:

— Tag‘in ovqatga unnab, Alijon qarovsiz qolib ketmasin.

Saidolim baqirib yubordi:

— Alijonni qoldirib ketasanmi?

— «Gap»ga olib bormayman-ku, dadasi! Uyda uchta erkak nahotki bittagina ovqat qila olmasalaring? Men besh soatda qaytaman.

— Besh soatga? Sen «gap»ga borasanmi yoki majlisgami?

— Beshta ayol boramiz. Har birimiz bir soatdan gapirsak, besh soat bo‘ladi-da! Siz o‘zi bugun xotin-qizlar bayrami ekanligini esdan chiqaryapsiz, shekilli? Hech bo‘lmasa, bayramda bundoq yayrab o‘tiray! Haliyam rahmat, deng, masalliqlarni keltirib qo‘yganman, ovqat qilsangiz bo‘ldi.

Saidolimning ensasi qotdi:

— Xo‘p...

— Mabodo savollar bo‘lsa, mendan so‘rab turing, Odilning telefonini olib ketaman. Nima ovqat qilasiz o‘zi?

— O‘zim bilaman, — katta gapirdi Saidolim.

Oradan yarim soat o‘tdi. Saidolim oshxonada bo‘m-bo‘sh qozonga tikilgancha bosh qashlab turardi. Keyin qo‘liga kapgirni oldi. Xo‘sh, nima ovqat qilsa ekan? Qaysini biladi o‘zi? E, boshlayversin-chi, bir gap bo‘lar! Ajab emas, yangi ovqat kashf etsa!

Birinchi bo‘lib piyoz to‘g‘raladi: buni ayollar ham, erkaklar ham biladi.

Saidolim ikkita piyozni oldi-yu, taxtachani topolmay, jinnisi chiqdi. O‘g‘lini chaqirdi. Ota-bola rosa izlashdi.

Saidolim xunob bo‘lib, o‘g‘liga buyurdi:

— Oyingga telefon qil. Yashirib qo‘ygan joyini aytsin.

Zulayho, «taxtakach oshxona devorida ilingan sochiqning orqasida» ekanligini aytdi. Taxtakach topilgach, pichoqni izlashdi. Qani endi topilsa!

— Onang pichoqni olib ketgan, — dedi bo‘g‘riqib Saidolim. — Atayin qilgan. Tilla soat olib bersin, deyapti-da!

Odil yana onasiga qo‘ng‘iroq qildi. Keyin qoshiq va sanchqilar turadigan joydan bitta emas, beshta pichoq olib, otasiga uzatdi. Saidolim piyozlarni archib, to‘g‘rab bo‘lgunicha ichidagi bor ko‘z yoshlari chiqib ketdi. So‘ng alamidan baqirdi:

— Oying jo‘rttaga achchiq piyoz qoldirib ketgan!

Saidolim balkondagi derazalarni ochib qo‘ygach, ko‘z qorachiqlari joyiga tushgandek bo‘ldi. «Yig‘lab ham turish kerak, — dedi u o‘z-o‘ziga, — ayniqsa, bayram kuni, xotining xo‘rlanganida!»

— Oyingdan yog‘ qayerdaligini so‘ra, — buyurdi so‘ng Odilga. Qozon boshida o‘yga botdi: «Yog‘ qancha quyiladi o‘zi? Keyin nima solaman? Kartoshka, shekilli?..»

Odil onasi bilan gaplashib kelib, bankadagi yog‘ni topib uzatdi.

— Kartoshkani tozala, — dedi Sadolim.

— Ukam yig‘layapti, — bahona izladi Odil.

— Bugun oyingdan boshqa hammamiz yig‘laymiz. Tez bo‘l!

Saidolim qozonga yog‘ quyib, Odil kartoshka archib bo‘lguncha ichkari xonadan Alijon o‘rmalab chiqdi. Odil uning aft-angoriga qarab dodlab yubordi:

— Dada, bu «A» deyapti.

Saidolim asabiylashdi:

— Tuvagiga yugur! Yo‘q, o‘zini olib bor! Tezroq!

 Qozonga go‘sht solinib, shuncha aralashtirilsa hamki, «jiz» degan ovoz eshitilmasdi. Saidolim peshanasiga bitta chertdi-da, gazni yoqdi. Birozdan so‘ng oshxonani yoqimli hid tutib ketdi. «Tezroq zira solish kerak, — deb o‘yladi Saidolim o‘zicha. — Keyin esa guruch... Televizorda shunday qilishardi, shekilli? Yana mayizga o‘xshagan allanima solishardi... Obbo, guruch qayerda ekan?..»

Odil yana onasiga telefon qildi. Guruch solingan xaltacha balkonga osib qo‘yilgan ekan. Go‘sht tagiga olib ketmasligi uchun Saidolim shoshilgancha guruchni xalta-paltasi bilan qozonga solib yuborishiga bir bahya qoldi. Keyin tozalangan kartoshkani bosdi. Qozon qopqog‘ini yopdi. Shundan so‘ng peshanasida paydo bo‘lgan reza-reza terni artib, ichkari xonaga kirdi-da, divanga behol cho‘kdi. Televizorga qarab o‘tirib... ko‘zi ilindi. Qancha uxladi, bilmaydi. Kimdir yelkasidan sekingina turtdi.

— Dada, ukam ochqabdi, — dedi Odil. — Kartoshka ezib berish kerak, oyim shunday qilardilar.

Saidolim o‘rnidan turib, oshxonaga o‘tdi. Qozonni kavlashtirib, kartoshka olib berdi.

— Bu nima? — hayron bo‘ldi Odil. — Tosh-ku, dada! Qarang, pichoq sinib qoldi.

— Kartoshka bu! — tushuntirdi Saidolim. — Yaxshi pishgan bo‘lsa, ana shunday qotadi.

— Ta’miyam allatovur, — dedi Odil «tosh»ni yalab.

— Iye! Tuz solmabmiz-ku!

Tuzni naq yigirma daqiqa izlashdi.

— Bor, oyingga telefon qil, — baqirdi Saidolim.

Odil bo‘ynini qiyshaytirdi:

— Dada, o‘zingiz so‘ray qoling. Oyim menga baqirib beryaptilar. Boya Alijonning ishtonini ham so‘rovdim.

Saidolim xotiniga o‘zi qo‘ng‘iroq qildi:

— Uzr, bezovta qilgan bo‘lsak. Bir savol bersak maylimi? Xizmatchilik, xotin! Bugun biz xizmatkormiz-ku, yo‘q, bir umr xizmatkormiz aslida. Tuz qayerda, aytib berolmaysizmi?..

— G‘aladonda! Sal ichkarirog‘ini ko‘ring. O‘sha yerdagi qutilar... Voy, tuz solayotgan bo‘lsangiz, ovqatni endi boshladingizmi?

— Yo‘q... Ha... Shunday desayam bo‘ladi, — Saidolim telefon go‘shagini qo‘ydi. Oshxonaga yugurdi. U yerda kichkina Alijon yig‘lay boshlagan, Odil ovutish bilan ovora edi. Saidolim g‘aladonni ochib, qo‘lini ichkariga tiqdi va quti olib, qopqog‘ini ochdi. Kaftini to‘ldirib, tuz olarkan, qozonga tashladi. «Mayda tuz ekan, sho‘rligi kam», — dedi-yu yana soldi...

* * *

Zulayho «gap»da o‘tirsa-da, ikki hushi uyda bo‘ldi. Erining nimalar qilayotgani bilan qiziqardi u. Nihoyat, «gap» tugadi (aslida qo‘shtirnoq ichidagi gap yakun topdi, ayollarning gapi sira tugamaydi).

Pod’yezddan uchinchi qavatga chiqqan Zulayho ichkarida yig‘layotgan Alijonning ovozini eshitdi. Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Eshik ochilib, Alijonni ko‘targan Saidolim, orqa tomonida esa Odil ko‘rindi. Zulayho kira solib, Alijonni bag‘riga oldi.

— Nega yig‘layapti? — so‘radi u. — Qorni och-ku, ovqatingiz pishmadimi haliyam?

— Hamma joy ko‘pik bo‘lib ketdi, — hozirjavoblik qildi Odil.

— Nima?

— Anovi... tuz deb osh sodasini solib yuboribman, — dedi Saidolim.

— Qozondan faqat ko‘pik toshib chiqaverdi, oyi!

— Ta’mini ko‘raman, deb ichimgayam ko‘pik ketib qoldi, xotin, — tirjaydi Saidolim. — Mazasi nordonmi-yey!.. Xullas, bu bayramda... qozon-tovog‘ingni chiroyli qilib, ozodagina qilib yuvib qo‘ydim. Kelgusi yili ovqat qilib beraman, xo‘pmi, xotinjon?.. Axir, senga bo‘lgan muhabbatim abadiy...  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring