Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uch millionlik so‘kinish

Uch millionlik so‘kinish

Foto:Illyustrativ surat

Tiliga e’tibor bermaydigan, mahallada «so‘kong‘ich» nomini olgan Eshmat aka nomidan Toshkentdagi tibbiyot muassasasi rahbariyatiga minnatdorchilik xati:

«Yaqin-yaqingacha tilim chatoq edi. To‘g‘risi, tuzalishimga ko‘zim yetmasdi. Lekin oyoq sinishi sabab, o‘zgardim. Yo‘q, u oyoq meniki emas qo‘shnimiz Boltavoyning o‘g‘li – Teshavoyniki. Xullas, o‘sha bola bir kuni mahallada velosiped uchib, ko‘lmakdagi suvni menga sachratib o‘tganida orqasidan rosa so‘kdim. Tabiiyki, tanasining turli a’zolari  yoqimsiz holatga kelib qolishi bilan bog‘liq «tilak»lar ham bildirdim. Qarangki, ular orasida aynan «oyog‘ing sinsin» deganimga farishtalar omin deb, saldan keyin bola shifoxonaga yotqizildi. Ota-onasi: «sening qarg‘ishing tegdi, endi o‘zing oyoqqa turg‘azasan», deb bo‘ynimdan oldi. So‘kong‘ich bo‘lganim bilan o‘lgudek qo‘rqoqman. Rozi bo‘ldim.

Kassaga ikki million so‘mga yaqin pul to‘laganimda, boshdan oyoq o‘zimni xo‘p so‘kib va «tilak»lar bildirdim. G‘alati bo‘larkan. O‘tgan-ketganlar balki adashayotgandirsiz, o‘z-o‘zingni emas, birovni tilga olmoqchidirsiz, degandek qarashdi. Men esa, hech qanday anglashilmovchilik yo‘q. Yo‘nalish to‘g‘ri, demoqchi bo‘ldim.

Xullas, operatsiya bo‘ldi. Bilsam, oyoq ustida «ijod» qilgan do‘xtirlarga alohida qo‘l haqi ham berilar ekan. Unga ham bir million so‘m to‘lagach, favqulodda ovozim pasayib ketdi. Tilimni ham yutvordim hisob. Endi so‘kinmasdim.

Qadrli shifokorlar! Hozirda, Teshavoy chopqillab yuribdi. Men ham jim. Ikkalamizni davolaganingiz uchun katta rahmat. Lekin birov so‘kkani uchun emas, shunchaki shikastlangan qanchadan qancha bemor narh-navoning qimmatligi sabab, oqsoqlanib yurgani ayanchli. Agar kassaga to‘lanadigan pul miqdorini kamaytirish imkoni bo‘lmasa, «suyunchi» stavkasini sal pasaytirish yoki umuman yo‘qotish haqida bir o‘ylab ko‘ringlar. Qaytib so‘kinishga majbur qilmanglar, iltimos».

To‘lqin Jumanazarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring