Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bitta dalda ilinji

Bitta dalda ilinji

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qishlog‘imizga sel kelgani esimda. Juda ko‘p uylar talafot ko‘rgandi o‘shanda. Loyli suv uylar ichkarisigacha kirib borgan, oshxonayu yerto‘lalar to‘lgandi. Hamma ekin-tikindan butunlay ayrilgandi. Lekin o‘shanda hech bo‘lmasa viloyat yoki tuman kattakonlaridan kimdir kelib jabrdiydalarga yordam bergani yoki ofatni bartaraf etish jarayonining tepasida turganini bilmayman...

Sardobadagi falokatni bartaraf etishga, oldinroq esa Buxoroda yuz bergan to‘fon jabrlanuvchilarining huzuriga zudlik bilan shaxsan prezident Shavkat Mirziyovning o‘zi yetib borgani bejiz emas. O‘sha yerdagi insonlar – o‘z uyini, qadrdon go‘shasini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan javdiragan qora ko‘zlarda cheksiz savollar zuhur etgandi: «Endi ahvolimiz nima nima bo‘ladi? Endi qanday yashaymiz? Bolalarimizning taqdiri-chi?..»

Prezident o‘zining tashrifi, vayrona bo‘lgan uylargacha kirib borishi bilan ana shu ko‘zlarda umid uchqunini yoqdi. Jabrlangan insonlarning har biri yonida mamlakat rahbarining o‘zi turganligini, hech qachon e’tiborsiz qolmasligini angladi. Ularning ko‘nglida katta umid uchqunlari porlaganiga shubha yo‘q.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mana, ikki kundirki O‘zbekistonning har bir hududidan «Mehr va ko‘mak» karvoni Sardoba tomon to‘xtovsiz kelyapti. Buning uchun kimdir buyruq bergani yoxud majburlagani yo‘q. Hamma o‘zining qalb amri bilan baholi qudrat ko‘makka shoshilyapti. Bu ham o‘zbek xalqining ming yillik qadriyatlari ifodasi aslida.

Suv bosgan hududning yuqoridan olingan suratlari hammani larzaga keltirdi. O‘sha suv ostida qolgan uylarni ko‘rib hammamiz ham yurak-yurakdan achindik. Endi o‘sha xonadonlar, oilalar taqdiri, o‘sha odamlar hayoti uchun mas’ul bo‘lgan insonning xayolidan nimalar o‘tganini o‘ziningiz tasavvur qilavering. Vertolyotdan pastga tikilar ekan, bu vaziyatda qanday qilib ularga umid beradigan bir so‘z aytish, qanday qilib ruhiyatini ozgina bo‘lsada ko‘tarish orqali ularga dalda bo‘lish haqida o‘ylagan bo‘lsa ajab emas.

Mamlakat rahbari «Uyni ham qurib beramiz, molni ham topib beramiz. Jonlaring sog‘ bo‘lsin!» degan gaplarni shunchaki aytmadi. Bu gap jabrdiyda odamlar, javdirab turgan nigohlar uchun juda qimmatli edi. Ruhlantiruvchi kuch bor edi bu so‘zlarda. Chunki xalqimiz «Mol achchig‘i – jon achchig‘i» deb bekor aytmagan.

Bugun Sardoba ahlining jabr ko‘rgan odamlari hayotini izga solish, uylarni tiklash borasida juda ko‘plab takliflar, tashabbuslar aytilmoqda. Bir guruh yoshlar ko‘ngilli ravishda qutqaruvchi bo‘lib bormoqchi ekanini aytgan bo‘lsa, yana bir guruh kishilar vayron bo‘lgan uylarni tiklash uchun hasharga borishini astoydil bildiryapti. Eng asosiysi, hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlayapti. Birdamlik va ahillik sezilmoqda. Mana shu holatni ko‘rib, to‘g‘risi, shu xalq ichida ekanimdan faxrlandim.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Uch kun, to‘rt kundan beri hammamiz mana shunday bezovtalikka tushib qoldik. Boshimizga katta kulfat berdi.

Albatta, buni hali ko‘p-ko‘p tahlilini qilamiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z gaplarini aytadi. Hamma chora-tadbirlarimizni qilamiz...

...Qanday qiyin bo‘lmasin, mana, o‘zlaring ko‘rdilaringki, sizlar bir o‘zlaring emassizlar. To yashagan sharoitlaringni to‘g‘rilamagunimizcha, bu yerni, sizlarni tashlab ketmaymiz...

...Sizlar tinch, men tinchman, sizlar bor, men borman!..»

Prezidentning mana shu so‘zlaridan qattiq ta’sirlandim.

...O‘shanda. Qishlog‘imda uylar vayron bo‘lganda, yig‘lagan ayollaru chirqiragan bolalarni ko‘rganimda, odamlar zax uylarida yashashga majbur bo‘lganida bola qalbimda ana shunday so‘zlarni kimdandir eshitishni juda-juda intiqib kutgandim o‘shanda.

Husniddin Berdiyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring