Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda don omborini talon-taroj qilgan mudirning jinoyati fosh etildi

Buxoroda don omborini talon-taroj qilgan mudirning jinoyati fosh etildi

«Buxorodonmahsulotlari» AJga qarashli Vobkent tumani don qabul qilish maskani omboridan 27 ming 560 kg bug‘doyni talon-taroj qilgan mudirning jinoyati fosh etildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 27-iyul kuni DXX viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan pandemiya sharoitida ajratilgan fond bo‘yicha un hamda non mahsulotlarining narx-navosini nazorat qilish yuzasidan huquq-tartibot xodimlari tomonidan «Buxorodonmahsulotlari» AJga qarashli Vobkent tumani don qabul qilish maskani omborida reyd o‘tkazilgan.

Reyd davomida don qabul qilish maskani omboridan ko‘p miqdordagi mulk o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilingani aniqlangan.

O‘rganishga ko‘ra, Vobkent tumani don qabul qilish maskani ombor mudiri J.H. moddiy javobgar shaxs bo‘la turib, omborda saqlanib kelinayotgan bug‘doyni noqonuniy yo‘llar bilan sotib, moddiy naf ko‘rish maqsadini ko‘zlagan. O‘z tanishi bo‘lgan J.M. bilan oldindan til biriktirib, unga ombordagi donning har bir kilogrammini 2 ming 800 so‘mdan sotishga kelishgan. Shu yo‘l orqali J.H. jami 27 ming 560 kg bug‘doyni 78 million 400 ming so‘mga sotib, o‘ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Jinoyati fosh etilgan ombor mudiri tezkor tadbir davomida fuqaro J.M.dan 27 ming 560 kg donni o‘zi sotishi evaziga olgan jami 78 million 400 ming so‘m miqdoridagi pullarni ixtiyoriy ravishda qaytargan.

Holat yuzasidan fuqaro J.H. va boshqalarning harakatlarida mansab mavqeini suiiste’mol qilish va ko‘p miqdordagi mulkni talon-toroj qilish jinoyati alomatlari mavjudligini inobatga olgan holda Buxoro viloyat prokuraturasiga ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 2-qismi, «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish yuzasidan hujjatlar taqdim etilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan.

Ma’lumot o‘rnida: Oldinroq «Kogondonmahsulotlari» AJda ham 77 ming 900 kg don kamomadi aniqlangani haqida xabar bergan edik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring