Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada bloger koma holatiga tushdi

Farg‘onada bloger koma holatiga tushdi

Feysbukdagi «Qo‘qonjonim» sahifasi moderatori Iqboljon Komiljonovning sog‘lig‘i yuzasidan ayrim xabarlar tarqatildi. Ularda aytilishicha, qo‘qonlik blogerni tanqidiy materiallar tayyorlab, e’lon qilib borgani uchun zaharlashgan.

Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonov jurnalistlar va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur holatga oydinlik kiritgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– I.Komiljonov ayni damda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limida davolanmoqda, – deydi H.Mamajonov. – Uning holati og‘ir. U 7 sentyabr kuni markazning proktologiya bo‘limiga o‘tkir yiringli paroproktit tashxisi bilan davolangani yotgan. Bemorni operatsiyaga tayyorlanish jarayonida ahvoli og‘irlashgan va koma holatiga tushgan. Shu kunning o‘zida reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan, barcha kerakli muolajalar bajarilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 8-11 sentyabr kunlari ikkita operatsiya o‘tkazilib, o‘tkir yiringli paroproktit kasalligi bartaraf etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bemor ko‘p yillardan buyon qandli diabet bilan kurashib kelgan. U yaqinda koronavirus infeksiyasiga chalinib, xususiy tibbiyot muassasalarida, shuningdek, uyida davolangan. Shifoxonaga kelganida ahvoli og‘ir bo‘lgan. Nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya kuzatilgan. Virus o‘pkasining 50 foizidan ortig‘ini zararlagan. Bugungi kunda belgilangan barcha zarur muolajalar qilinmoqda. Kislorodga ulangan, saturatsiyasi yaxshilanmoqda, o‘pka faoliyati tiklanishi boshlandi. Mutaxassislarimiz yurak, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bo‘yicha ham tashxislar qo‘yishgan.  

Iqbol Komiljonovni davolashda mamlakatimizning yetakchi tibbiy ilmiy markazlarining shifokorlari onlayn maslahatlarini berib bormoqda. Bemorda hech qanday zaharlanganlik belgilari kuzatilmagani qayd etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring