Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda 8-sinf o‘quvchisi «selfi» qurboni bo‘ldi

Toshkentda 8-sinf o‘quvchisi «selfi» qurboni bo‘ldi

Foto: huquq.uz

Poytaxtimizdagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi «selfi» tushaman deb o‘z umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda «Huquq» gazetasida maqola chop etildi.

Tabiatan sho‘x Sobirjon (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) tengdoshlari bilan futbol o‘ynagach, uyali telefonini olib, internetga kirdi va ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlarining suratlarini ko‘rib chiqdi. Ularga havasi keldi. Shu bois, do‘sti Rustamjon bilan uyga qaytayotib, selfiga tushdi. Suratni ijtimoiy tarmoqqa joyladi. Ammo bu uni qoniqtirmadi.

«Bu surat hech kimga qiziq emas. Boringki, 6 yoki 7 o‘rtog‘im layk bosadi» degan xayol o‘tdi Sobirjonning miyasidan. Demak, boshqacha, hech kimnikiga o‘xshamaydigan holatda «selfi»ga tushish lozim. Shu payt ko‘zi temir yo‘l bekatida to‘xtab turgan poyezdga tushdi-yu, o‘sha tomon shoshdi.

Ular temir yo‘l bekatiga yashirincha kirib, poyezdlarning yonida turli rakurslarda «selfi»ga tushishdi. Sobirjon avvaliga poyezdga osilib, suratga tushdi. «Qoyil! Zo‘r chiqdi! Do‘sti suratni ko‘rib, Sobirjonning «ja­sorat»­ini olqishladi. Bu maqtovdan havolangan Sobirjon endi boshqacha rakursda «selfi»ga tushmoqchi bo‘ldi. Rustamjon uning fikriga qo‘shilmadi. Kech bo‘lib qolganini aytib, uyga qaytishni iltimos qildi. Ammo Sobirjon unga quloq solmadi, yon-atrofga qarab turishni tayinlab, o‘zi poyezdning ustiga chirmashib chiqa boshladi. Rustamjon esa birov ko‘rib qolmasaydi, degan hadik bilan atrofni kuzata boshladi. Shu payt qattiq ovozni eshitib, cho‘chib tushdi. Qo‘rqqanidan «Sobirjon, ketdik», deya baqirib, poyezd ustiga qaradi-yu, qotib qoldi… Poyezd ustidan yuqori kuchlanishli elektr toki o‘tgan edi.

Sobirjon tanasining 75 foizi kuyganiga qaramay, shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan 6 oy yashadi, xolos. Afsuski, poyezd ustidagi «ajoyib selfi» uning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring