Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi tug‘ruqxona viloyatlik ayolni qabul qilmadi. SSV bayonot berdi

Toshkentdagi tug‘ruqxona viloyatlik ayolni qabul qilmadi. SSV bayonot berdi

Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan turmush o‘rtog‘i tomonidan suratga olingan videomaterial paydo bo‘ldi.

Unda aytilishicha, homilasi yetilib, tug‘ruq og‘riqlari boshlangan bo‘lsa-da, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagan hamda unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev tug‘ruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazgan. 

Shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga ko‘ra, Homilador ayol O.S. 2000-yilda tug‘ilgan bo‘lib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy ro‘yxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5-may kuni emas, shu yilning 29 aprel kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni soat 04:25 da ayolni turmush o‘rtog‘i X.M. tug‘ruq og‘riqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga olib kelgan. 

Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo‘l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro‘yxatda turganini inobatga olib, dislokatsiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani tug‘ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug‘ruq bo‘limiga borish tavsiya qilingan.

Shu kuni soat 5:40 lar atrofida homilador ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tug‘ruq bo‘limiga olib borilgan va 29-aprel kuni qiz farzand dunyoga kelgan. Tug‘ruqdan keyingi davr asoratsiz o‘tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan.

Ushbu vaziyat sabab Toshkent shahar SSB boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘rinbosari R.Haitbayeva, tug‘ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanovalar egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko‘rildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring