Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Virus tarqalgan Uxan shahrida o‘nlab o‘zbekistonliklar bo‘lishi mumkin

Virus tarqalgan Uxan shahrida o‘nlab o‘zbekistonliklar bo‘lishi mumkin

Koronavirus tarqalayotgan Uxanda maxsus shoshilinch shtab joylashtirilgan va 23-yanvar soat 10:00dan boshlab jamoat transporti vaqtincha to‘xtatilgan, aeroport va temir yo‘l reyslari bekor qilingan. Shahardan chiqish yo‘llari yopilgan. Shaharning barcha transport vositalari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Qayd etilishcha, Uxan shahrida 250 nafar atrofida O‘zbekiston fuqarosi, asosan oliy ta’lim muassasalari talabalari yashaydi. Ularning nisbatan ko‘pchiligi semestr yakunlangani sababli vatanga qaytishgan. Hozirda shaharda 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin.

«Ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun «Wechat» ijtimoiy tarmog‘ida «Uxan 2020 O‘zbekiston» guruhi tuzildi. Talabalarga xotirjamlikni saqlash, zaruriy ehtiyot va profilaktika choralariga amal qilish kerakligi tushuntirildi, elchixona konsullik bo‘limi xodimlarining telefon raqamlari berildi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga (tel.: +8610-6532-6305) hamda Shanxay shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +8621-6307-1896) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23-yanvar holatiga ko‘ra yangi koronavirus yuqtirganlar soni 600 nafardan oshgan, 17 kishi vafot etgan. Kasallik Xitoydan tashqari o‘nga yaqin davlatda qayd etilgan.

Bugun bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi kasallikning yashirin davri 5 kun bo‘lib, xorijdan kirib keluvchi fuqarolarimiz va chet elliklardan uzluksiz shifokorlar bilan aloqada bo‘lib turishlarini so‘ragan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring