Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2019-yili necha kishi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi?

2019-yili necha kishi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi?

Foto: «Prokuratura.uz»

2019-yilda 982 nafar shaxs transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Ayni ma’lumot o‘tgan yili ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlarga oid hisobotda alohida qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovga ko‘ra, poyoniga yetgan yilda ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 16 256 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 11 142 nafar fuqaro va yuridik shaxsning huquqlari tiklandi.

Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 495 106 nafar shaxsga nisbatan 412 807 ta ish ham mazmunan ko‘rib chiqilgan. Shundan 293 588 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, soliq solinadigan ob’yektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish, haqorat qilish, mayda bezorilik, transport vositalarini mast holda boshqarish, yengil tan jarohati yetkazish, transport vositalarini noqonuniy boshqarish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik kabi ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etgan.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 23 201 nafar shaxsga nisbatan 22 698 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 20 437 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilib, 982 nafar shaxs transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Ma’muriy sudlar tomonidan 243 172 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 56,7 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 3 754 ta shikoyat va protest ko‘rib chiqilgan. Shundan 704 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 380 tasi bekor qilingan va 58 tasi o‘zgartirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring