Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya bo‘limi Termiz shahar hokimligiga dakki berdi

Adliya bo‘limi Termiz shahar hokimligiga dakki berdi

«Damas» rusumli avtomashinalarga Termiz shahri ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlanganligi va uning oqibatida 700 dan ortiq ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar va ushbu xizmatlardan foydalanib kelayotgan qo‘plab aholi vakillarining noroziliklari aks etgan ma’lumotlar tarqalgani va Oliy Majlis deputati munosabati haqida xabar bergandik. 

Termiz shahar adliya bo‘limi ham mazkur masal yuzasidan o‘z munosabatini taqdim etdi. 

Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq hokimliklar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.

Termiz shahar hokimi tomonidan 2019-yil 13-iyunda «Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan shu jumladan, 2019-yil 1-iyuldan boshlab Termiz shahri ichida «Damas» rusumli transport vositalari harakatini to‘xtatish bo‘yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklangan.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonun hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi lozim.

Biroq, Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo‘limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilinganligi natijasida qator qonun hujjatlari talablari buzilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, 10 kunlik muddatda mazkur qarorni bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun 2019-yil 3-iyul kuni Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan Termiz shahar hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Ma’lumot o‘rnida Adliya vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti qat’iy nazorat ostiga olinganligini, bu bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan hokimliklarga tegishli huquqiy va metodik yordam ko‘rsatib kelinayotganligini bildiradi.

Xususan, 2019 yilning o‘tgan davrida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan tuman (shahar) hokimlarining 160 ta qarorlari bekor qilingan, 165 nafar mas’ul shaxs javobgarlikka tortilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring