Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Advokatlar hadigi o‘rinlimi?

Advokatlar hadigi o‘rinlimi?

Foto: «Advokat» jurnali

Adliya mutaxassisi advokatlarni tinchlantirdi

Advokatlarning ixtososlashuviga tayyormizmi? Ixtisoslashuv bugun sohaga rostdan ijobiy ta’sir qiladimi? Ayniqsa, bor yo‘g‘i bir-ikki nafargina advokat faoliyat yuritayotgan chekka hududlarda bu muammo qanday hal qilinadi? Yana fuqaro advokat izlab sarson bo‘lmaydimi? Fuqarolik ishiga ixtisoslashgan advokat ishtirok etayotgan fuqarolik ishi davomida jinoiy ish, yoki akchincha, jinoiy ishdan fuqarolik ishi kelib chiqadigan bo‘lsa, himoyalanuvchi yana qo‘shimcha xarajat qilib, boshqa advokat izlashga, yangi advokatning ishni o‘rganib chiqishini kutishga majbur bo‘lib qolmaydimi?.. Bugun advokatlar o‘rtasida aylanib yurgan ana shu kabi savollarga javoban adliya mutaxassisi, nihoyat, bir qadar tinchlantiradigan tushuntirish berdi.

«Haqiqatda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan muammo shu, — deydi Andijon viloyati Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hayotbek Akbarov advokatlarning xavotirlarini rad etmagan holda. — Chunki bizning Andijon viloyatida bir sohada faoliyat ko‘rsatish advokatlik faoliyatining rivojlanishini ko‘rsatmayapti-da. Misol, bir oylik faoliyatingizni tahlil qilsangiz, masalan beshta fuqarolik ishi bilan shug‘ullanishingiz mumkin, yoki ikkita jinoyat ishi bo‘lishi mumkin. Siz yo uni, yo buni tanlash uchun bir faoliyatni belgilab oladigan bo‘lsangiz, ertaga moddiy jihatdan advokat faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin».

Shu ma’noda adliya mutaxassisi bu masala ko‘rib chiqilishini, chunki hali Prezident Farmoni bilan belgilangan bu yo‘nalish bo‘yicha biron me’yoriy hujjatga o‘zgartirish yo qo‘shimcha kiritilmagani yoki yangi me’yoriy hujjat qabul qilinmaganligini ta’kidlab, hali «bu Farmonga asosan litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom qabul qilinadi» dedi. Mutaxassisning tushuntirishicha, «Aynan bitta fuqarolik (ishi) bilan shug‘ullanib advokat faoliyat ko‘rsatishi qandaydir bir ijobiy holat keltirib chiqarmaydi. Shuning uchun faqat fuqarolik bilan birgalikda shu turdosh bo‘lgan yoki boshqa bir faoliyatni ham qo‘shimcha faoliyat ko‘rsatish mumkinligi, boshqa holatni shu nizomga kiritish kerak deyman. Aynan bitta fuqarolik va ma’muriy (ish) bilan shug‘ullanish bilan cheklab qolish kerakmas degan fikrdaman. Shunga taklif berish kerak». «Siz bilan biz bunga taklif berib, haqiqatda mana bu Farmon, mana bu bandda shu narsa keltirilgan, buni yuritish uchun mana-mana bu asosga asosan qo‘shimcha ravishda, turdosh deydigan bo‘lsak turdosh, yo bo‘lmasa boshqa turdagini qo‘shimcha ravishda litsenziya asosida mana bu faoliyatga ruxsat berilishini ta’minlash kerak degan narsani qo‘yishimiz kerak».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Advokatlar palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi va Andijon viloyat Adliya boshqarmasi hamkorligida joriy yilning 2 iyun kuni o‘tkazilgan viloyat advokatlarining umumiy yig‘ilishidagi bu tushuntirish advokatlarni to‘g‘ri yo‘nalishga burib, masala yuzasidan savol ko‘tarish bilan emas, balki uning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish bilan shug‘ullanishga undadi. Shunga ko‘ra takliflarni umumlashtirish va tegishlicha rasmiylashtirish uchun yig‘ilishning o‘zida ishchi guruhi tuzib olindi.

(«Advokat» jurnali materiallaridan).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring