Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatlarning ixtisoslashuvi nega zarur?

Advokatlarning ixtisoslashuvi nega zarur?

Foto: «gazetaingush.ru»

2018-yil 12-mayda Prezidentning «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur farmonni qabul qilish zarurati va unga ko‘ra advokatura sohasida kutilayotgan yangilik va o‘zgarishlar haqida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ayrim izohlarda advokatlik bilan shug‘ullanish uchun olinadigan litsenziya masalasida, kasbiy va malakaviy ko‘nikmalarni baholash uchun o‘tkaziladigan attestatsiya masalasida e’tirozlarni uchratish mumkin. «Xabar.uz» mazkur masalalar yuzasidan Adliya vazirligi mas’ul xodimi Bobur Karimovning fikrlari bilan qiziqdi.

— Huquqiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun advokatlarning ixtisoslashuvi nihoyatda zarur edi, — dedi Bobur Karimov. — Albatta, ushbu soha vakillari ixtisoslashuviga oid qonunchilikdagi talablar advokatlarga ma’qul kelmasligi mumkin. Tabiiyki, halovat yo‘qoladi, qulaylik buziladi deyishingiz ham mumkin. Biroq qonunchilikdagi bu tashabbuslar aholiga ko‘rsatiladigan huquqiy xizmat sifati va samaradorligini yaxshilashga qaratilgan.Hozirgi vaqtda advokatlar ko‘rsatayotgan xizmatlarning sifati va ularning ayrimlarining savodxonligi yetarli darajada emasligiga oid ko‘plab shikoyatlar mavjud. Advokatlarning ixtisoslashuvi bilan bog‘liq qarorga ayrimlar aytayotganidek «shoshilinch ravishda» kelingani yo‘q. Balki avvalgi kamchiliklar o‘rganilib, chuqur tahlil qilinib, zarurat yuzasidan shunday qarorga kelindi.Umuman olganda, bitta advokat qanchalik savodli bo‘lishidan qat’i nazar ham qonunchilikning barcha sohalarini, ham huquqni qo‘llash amaliyotining o‘ziga xos xususiyatlarini birday yaxshi o‘zlashtirishi mumkin emas. Shuning uchun bu sohada egallangan bilimlar, advokat maqomiga loyiqlik haqqoniy ravishda attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak.Agar talabgorlar bo‘lsa, tegishli yo‘nalishda litsenziya olish borasida hech qanday to‘siq yoki muammo yo‘q. Marhamat, bilim va malakangiz yetarli ekanligini ko‘rsating va litsenziyaga ega bo‘ling. Bu sizning huquqlaringizni cheklash uchun qilinayotgan ish emas. Balki xalqimiz, davlatimizning sizga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Biryo‘la o‘zingizning ham salohiyatingizni tarozida o‘lchab olasiz.

Sinov jarayoni onlayn tarzda uzatilishi shaffoflikni ta’minlash, zarur hujjatlarni onlayn tartibda topshirish imkoniyatidan foydalanish, xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Misol uchun, Germaniyada «ixtisoslashgan advokat» tushunchasi advokatlik jamiyati tomonidan yaratilgan bo‘lib, ular o‘zlari adliya vazirligiga taklif bilan chiqib, ushbu nomni 1994 yildagi advokatlar to‘g‘risidagi federal qonunga va nizomga kiritishni so‘raganlar. Bu esa yuqori darajada huquqiy xizmat ko‘rsatilishini kafolatlaydi.Xuddi shunday tartib Fransiyada va AQShning ayrim shtatlarida ham mavjud. Farmonda mamlakatimizning ko‘plab hududlarida advokatlar yetishmovchiligi muammosi mavjudligi, advokatlar ixtisoslashuvi esa bu muammoni yanada chuqurlashtirishini ham inobatga olingan. Jumladan, advokatlar biron-bir daromadli ixtisoslikni tanlab, aholini tanlov huquqidan mahrum qilishi mumkinligi kabi holatlar ham e’tibordan chetda qolmadi.  Shunga ko‘ra ham qonun hujjatlarining teskari ta’sir etishiga olib kelmaslik, amaldagi advokatlar xizmati «bozori»ga kamroq ta’sir ko‘rsatish uchun amalda faoliyat yuritayotgan advokatlarga har bir tanlangan mutaxassislik bo‘yicha alohida litsenziya ularni tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha qayta attestatsiyadan va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etgan holda qayta rasmiylashtirib berilishi belgilandi. Ya’ni ular attestatsiyadan o‘tmasdan barcha mutaxassisliklar bo‘yicha litsenzitsiyalarni olishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring