Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, o‘zlariga «sig‘intirgan» zo‘ravonlar kim?

Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, o‘zlariga «sig‘intirgan» zo‘ravonlar kim?

Videodan lavhalar

Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, o‘zlariga «sig‘intirgan» va «tomosha» oxirida uni urib-tepgan ikki nafar o‘smirning shaxsiga ham, voqelikka ham aniqlik kiritildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, zo‘ravonlar o‘z vaqtida ayni qilmishi uchun javobgarlikka tortilgan.

Zo‘ravonlar kim?

  1. Xaytmuhamedov Davron Dilmurod o‘g‘li, 2002-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan.
  2. Ismatillayev Otabek Abdulla o‘g‘li, 2003-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan.

Ularning ikkisi ham poytaxtning Ulug‘bek shaharchasi, Xuroson ko‘chasidagi ko‘pqavatli 14a-uydagi xonadonlarda istiqomat qilishadi. Shuningdek, ular Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 54-maktab o‘quvchilaridir.

Voqelik 2020-yil 25-mart kuni soat 15:00lar chamasida Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek shaharchasi hududida joylashgan 219-maktabgacha ta’lim muassasasi oldida yuz beradi. Zo‘ravon yigitchalar karantin qoidalariga rioya qilmagan holda himoya niqobisiz jamoat joyida bo‘la turib, voyaga yetmagan aqli zaif A.Shevchukni tiz cho‘ktirib, o‘zlariga «sig‘inishga» majbur qiladi va urib-tepishadi. (Lavhada zo‘ravonlar bemalol sigaret buriqsitayotganini ham ko‘rish mumkin). Kamiga bunday ayanchli manzarani uyali telefonda tasvirga olishib, ijtimoiy tarmoqda tarqatib yuborishadi.

Jabrlanuvchining yaqinlari voqelikdan ancha keyin, qachonki lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng xabar topadi va darhol ichki ishlar organiga murojaat qiladi...

Zo‘ravonlarga salkam bir oydan keyin (2020-yil, 23-aprel) sud tartibida  ko‘rilgan chora ko‘rilganining boisi shunda.

Sudda huquqbuzarlarning ota-onalari farzandlarining qilmishini tan olib, kechirim so‘ragan va yengillik berilishini so‘rashgan.

Mirzo Ulug‘bek tuman ma’muriy sudining (sudya M. Ergashev) qaroriga ko‘ra, har ikki huquqbuzar eng kam ish haqining besh barobari miqdorida ma’muriy jarimaga tortilgan.

Zo‘ravonlarga nisbatan tayinlangan jazo og‘ir yoki yengilligi haqida gapirmaymiz. Gap berilgan jazo ularning tarbiyasiga qanchalik ta’sir etishida! Voqelikka ko‘ra, har ikki huquqbuzar sodir etgan qilmish ularning tarbiyasi yaxshigina izdan chiqqanini ko‘rsatadi. Aqli zaif, o‘zni himoya qilishga ojiz bolani bunchalik tahqirlash, kamiga sigaret tutatganicha qilayotgan ishidan rohat olayotgani bu jo‘jaxo‘rozlarning oilasidagi muhit nechog‘li ekanidan ham dalolat berayotganday...

Demak, mutasaddilarning oldiga qo‘yiladigan savollar ko‘p.

Darvoqe, zo‘ravonlar ikkitamidi?

Lavhada ikki yigit «qahramonligi» aks etgan. Ularni tasvirga olgan kim? U, kim bo‘lmasin, voqelikni tasvirga olishi bilan zo‘ravonlarga sherik ekani anglashmaydimi?

Bu savolning javobi ichki ishlar organi xodimlariga tan.

P.S. Ayanchli manzara aks etgan lavhani berishni lozim topmadik. Shundog‘am u ijtimoiy tarmoqlarda aylanib yotibdi. E’tiboringizga havola etayotgan suratlarning o‘zi yetarlicha tasavvur hosil qilishga yetib ortadi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring