Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Afsuski jamiyat manfaati uchun ba’zida jamiyatning o‘zi bilan kurashishga to‘g‘ri keladi — IIBB

Afsuski jamiyat manfaati uchun ba’zida jamiyatning o‘zi bilan kurashishga to‘g‘ri keladi — IIBB

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy qilingan avtotransport vositalari harakati cheklovi, poytaxt aholisi uchun o‘zini yakkalash talabi majburiy qilinishi oqibatida... fuqarolar mantiqsiz tarzda velosiped xarid qilishni boshlashdi. Butun dunyo pandemiya xavfi ostida bo‘lgan, hukumatimiz tomonidan infeksiyaning tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha choralar qo‘llanilayotgan bir davrda shahrimizda jamiyatimizga dushmanlik qilayotganlar, odatiy hayot tarzlarini davom ettirayotganlar topilmoqda.

Kechadan boshlab Toshkent shahar IIBB xodimlari Milliy gvardiya xizmatchilari bilan hamkorlikda majburiy o‘zini yakkalash talabiga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha jiddiy ishlarni amalga oshirishmoqdalar. Bunga javoban esa shahar aholisi ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, sharhlar va shaxsiy xabarlar orqali davlat idoralari sahifalariga norozilik bilan murojaat qilmoqdalar. Kimdir xodim bilan kelishmovchilik chiqarib, u tomonidan qo‘llanilgan choralardan norozi, boshqa birov velosipedi jarima maydonchasiga joylashtirilganidan norozi. Ko‘pincha bu kabi holatga to‘xtatilgan fuqaroning o‘zini tutishi, qayerga yo‘llanayotganligi haqidagi savollarga xotirjamlik bilan javob bermasligi sabab bo‘ladi.

Qarindoshingiz yordamga muhtojmi? Bu haqda 1197 raqami orqali xabar bering, ko‘ngillilar barcha ehtiyot choralarini qo‘llagan holda xabar olishadi. Lekin savollarga jahl bilan javob berishning keragi yo‘q. Bizga ham oson emas, ammo biz insonlar hayotini asrash uchun xizmatdamiz. Afsuski, jamiyat manfaati uchun ba’zida jamiyatning o‘zi bilan kurashishga to‘g‘ri keladi. Sabablar – tushunmovchilik, dunyo muammosiga yosh bolalarcha munosabatda bo‘lish, mulohaza qilib uyda qolishga tayyor emaslikdadir.

Tavsiyalarni mensimagan shahar aholisi majburiy talablar chiqarilishiga o‘zlari sababchi bo‘lishdi. Barchaga eslatib o‘tmoqchimizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194 va 194-1 moddalariga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimining yoki O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Velosipedda harakatlanuvchilar yo‘l harakati qoidalarini buzishlari uchun ham javobgarlik ko‘zda tutilgani haqida unutmasliklari zarur.

Hurmatli do‘stlar! Siz xohlagan narsangizga – yuz berayotgan holat yolg‘onligiga, siz sog‘-salomat ekanligingizga va sizga hech narsa tahdid solmasligiga ishonishingiz mumkin. Ammo, odatiy hayot tarzingizni davom ettirmoqchi bo‘lib, dori yoki oziq-ovqat bahonasi bilan velosipedda sayr qilib siz avvalambor o‘zingizni aldagan, o‘zingizga va atrofdagilaringizga xoinlik qilgan bo‘lasiz.

Karantin oxirgi kasal qayd etilganidan ikki hafta o‘tgach tugaydi. Shaharda sayr qilgan holda siz o‘z harakatlaringiz bilan karantin tugaydigan kunni uzoqlashtirmoqdasiz. Uyda qoling, yuzaki noroziligingizni va qoidalarga bo‘lgan bachkana e’tirozlaringizni ham uyda qoldiring. Biz barcha kuchlarni jamlagan holda karantinni tezroq tugashi uchun harakat qilmoqdamiz, bu ishda esa poytaxtda yashovchi har bir fuqaroning aql bilan ish tutishi qo‘l keladi. Ongini ishga solishga tayyor bo‘lmaganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ishga solinadi.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring