Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuror keltirgan raqamga matbuot kotibi izoh berdi

Bosh prokuror keltirgan raqamga matbuot kotibi izoh berdi

Kecha O‘zbekiston Bosh prokurori, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning «Qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo‘lida» sarlavhali salmoqligina maqolasi e’lon qilindi. O‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlarning o‘ziga xos sarhisobi bo‘lgan mazkur chiqishida mamlakat bosh qonun posboni tizimni «tozalash»ga alohida e’tibor qaratilayotganini aytib, «...korrupsiyaga moyil 213 nafar, jumladan 50 dan ortiq rahbar xodim tizimdan bo‘shatilgani», «...jinoyatga qo‘l urgan 31 nafar xodim» esa jinoiy javobgarlikka tortilganini ta’kidlaydi.

Ayni raqamlar ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina muhokamaga sabab bo‘layotir. 

Ishtibohlarning mazmuniki, korrupsiyaga moyil 213 nafar xodim aniqlagan bo‘lsa, nega javobgarlikka tortilgani bor-yo‘g‘i 31 nafar, nima qolganlarning «sug‘urta polisi» bormi?

Savol mantiqli. Shundan kelib chiqib, Bosh prokuraturadan raqamlarga izoh so‘raldi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning bir qizarib-bir bo‘zarib, izoh berishicha, 31 nafar xodimning jinoiy javobgarlikka tortilgani — bu ularning qilmishi inkor etib bo‘lmas darajada isbotlanganini anglatadi. 

«...Endi 213 nafar xodimning korrupsiyaga moyil ekani aniqlansa-da, javobgarlikka tortilmay faqat tizimdan ketishi bilan cheklanganiga oid iddaolarga kelsak. «Korrupsiyaga moyillik» — bu naq jinoyat ustida qo‘lga tushgan, degani emas. O‘zining yurish-turishi bilan shunday illatga moyillarni ilg‘ash qiyinmas. Bunday toifadagilarning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmasligi mumkin, biroq baribir tizimda qolishining o‘zi xavfli. Shu bois to jinoyat sodir qilib, tizim obro‘siga dog‘ tushirishini kutib o‘tirmay vaqtida voz kechib qo‘yaqolinyapti. Chunki, kasalning oldini olish muhim, aks holda, madda bog‘lab ketadi. Yaqin o‘tmishdagi achchiq tajribalar bunga yaqqol misol va bu haqda gapirish biz uchun og‘riqli. Qolaversa, tizimda tartib shundayki, uch soatdan ko‘p sababsiz ish o‘rnida bo‘lmaslikning o‘zi prokurorlarning ishdan haydalishiga yetib-ortadi», — dedi Hayot Shamsutdinov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring