Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugungi kunda bir bola uchun kamida 129180 so‘m aliment to‘lanadi

Bugungi kunda bir bola uchun kamida 129180 so‘m aliment to‘lanadi

Foto: «Darakchi»

— Men bitta farzandim uchun ish haqimning 25 foizi miqdorida aliment to‘lab kelmoqdaman. Oilaviy ahvolimiz og‘ir. Otam 72 yoshda, kasal. Onam 63 yoshda, har kuni bittadan «Benzonal» tabletkasini ichadi. Aslida bu dorini bir kunda uch mahal ichishi kerak. Ammo imkonimiz yo‘q. Xorijga ishga borsam qancha aliment to‘layman? Yoki bekorchi hisobida bo‘lsam, menga qanday choralar ko‘riladi? Iltimos, javob yozsangiz. Aytishlaricha, bekorchi bo‘lsam 350 ming so‘m to‘lar ekanman. Hozir uylanganman.

— Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining yetmish besh foizidan (bugungi kunda eng kam ish haqi 172240 so‘mligini hisobga oladigan bo‘lsak, 129180 so‘mdan) kam bo‘lmasligi kerak.

Oila kodeksining 145-moddasiga binoan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan ushbu kodeksning 130 — 134-moddalariga asosan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart.

Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni biryo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Ushbu qonun talabidan kelib chiqib, agar siz chet davlatga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lsangiz, undiruvchi, ya’ni sobiq turmush o‘rtog‘ingiz bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishingiz shart.

Agar sobiq turmush o‘rtog‘ingiz kelishuvga erishishdan bosh tortsa, aliment miqdorini pul bilan to‘lanadigan qatiy summada belgilash, alimentni biryo‘la to‘lash yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqacha usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.

Savolga Oliy sud sudyasi Shahnoza Ahatova javob berdi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring