Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DXX «yerfurush»larni ushladi (video)

DXX «yerfurush»larni ushladi (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Hududlarda noqonuniy yer sotish holatlariga qarshi tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon viloyati tumanlaridan birining Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i mahalliy fermer xo‘jaligiga qarashli mevali bog‘dan iborat 1 gektar yer maydonidan ijara shartnomasi asosida foydalanib kelgan.

U mazkur yer maydonini tasarruf etish va uchinchi shaxsga o‘tkazish huquqiga ega bo‘lmasada, 45 ming AQSh dollariga sotib, noqonuniy daromad orttirishni rejalashtirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur mansabdor shaxs xaridordan so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX va Departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, xususiy tadbirkor Qibray tumanining «Tuzel» mavzesida joylashgan 2 gektar yerni xaridorga 1 mln. AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida, mazkur shaxs muntazam ravishda noqonuniy yer sotish bilan shug‘ullanib kelganligi va undan ko‘pchilik jabr ko‘rganligi ma’lum bo‘ldi.

Navoiy shahrida joylashgan «Navoiy savdo» AJ rahbari mazkur jamiyatga tegishli 1 gektar yer maydonini aksiyadorlarni xabardor qilmasdan, noqonuniy tarzda 29.700 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘ladi.

U so‘ralgan puldan 50 mln. so‘m hamda 1.500 AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtida DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va Departamentning Navoiy shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ushlandi.

O‘zbek davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash institutining Andijon viloyat filiali xodimi sholikorlik bilan shug‘ullanish uchun Qo‘rg‘ontepa tumani xokimligi zaxirasidan 8 gektar yerni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ajratib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 10 ming 400 AQSh dollari talab qiladi.

U so‘ralgan puldan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida DXX hamda Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida mazkur noqonuniy holatlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring