Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firibgarlik yo‘lini tutgan MIB xodimi ushlandi

Firibgarlik yo‘lini tutgan MIB xodimi ushlandi

Foto: «Xabar.uz»

Nafs kuyiga tushib, firibgarlik yo‘lini tutgan kishining bir kuni boshi albatta mulzam bo‘ladi. Maqsadjon Zokirov ham bugun qattiq pushaymonda. Endi esa kech...

«O‘zA» nashrining yozishicha, Maqsadjon Zokirov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qo‘qon shahar bo‘limida elektr energiya va tabiiy gazdan foydalanish tartibini nazorat qilish sho‘’basi davlat inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Vazifasi hududlardagi gaz, elektr kabi kommunal xizmatlardan foydalanganda yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish, ulgurji iste’molchilardan avvaldan to‘lovlarni amalga oshirishni ta’minlash, energiya resurslaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni to‘lamagan taqdirda tarmoqdan uzdirish, ulardan noqonuniy foydalanilganda esa dalolatnoma rasmiylashtirish va chora ko‘rishdan iborat bo‘lgan.

M.Zokirov qo‘qonlik A.Tillayev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ni yaxshi bilardi. Uning xonadonidagi elektr hisoblagich shahar elektr ta’minoti korxonasidagi bazaga kiritilmaganidan ham xabardor edi. Bundan bir yil muqaddam A.Tillayevning xonadoniga borgan Maqsadjon sarflangan elektr qarzini unga to‘lashini aytadi. Hudud nazoratchisining «3 million qarzingiz bor» degan gapidan keyin xonadon sohibi buning sababini so‘raydi. Nazoratchi esa ushbu xonadonga dalolatnoma ham rasmiylashtirilganini bayon qiladi.

Qarzdorlik borasida sudga hujjatlarni taqdim etish bilan A.Tillayevni qo‘rqitib, dalolatnoma bo‘yicha ham qarzdorlikni to‘lashni talab etadi.

3 million to‘lashga holi yo‘q jabrlanuvchi esa Qo‘qon shahar elektr tarmoqlari korxonasiga aniqlik kiritish maqsadida boradi. Operator unga yashayotgan manzili kompyuter bazasida mavjud emasligini ta’kidlaydi. Xonadon uchun ham dalolatnoma rasmiylashtirilmaganligini qo‘shib qo‘yadi.

Undiruvchi va to‘lovchilar yana uchrashadilar. Katta miqdordagi bu mablag‘ni to‘lay olmasligini aytganida MIB xodimi A.Tillayevga 2 million so‘m evaziga barcha qarzdorligu dalolatnomalarni yo‘q qilib berishini aytadi. Yangidan plastik kartali elektron hisoblagich o‘rnatib, kompyuter bazasida ham abonent raqami ochib berishga va’da beradi. Aks holda, qarzdorlikni Majburiy ijro byurosiga o‘tkazib yuborishini qo‘shimcha qiladi.

Tang ahvolda qolgan xonadon sohibi M.Zokirovning harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. Maqsadjon tezkor tadbirda qo‘lga olindi.

Sud M.Zokirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, 2 yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqidan 25 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 62-moddasiga asosan, M.Zokirovning qamoqda o‘tirgan har bir kunini axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib, jazoni 6 oy 6 kunini o‘talgan deb hisoblab, o‘tash uchun yuqoridagi jazo 2 yil 5 oy 24 kun muddatga axloq tuzatish jazosiga qoldirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring