Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolik sudlari: raqamlar nimalarga dalolat qiladi?

Fuqarolik sudlari: raqamlar nimalarga dalolat qiladi?

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida ko‘rib chiqilgan ishlar hisobotini e’lon qildi.

Oliy mahkama rasmiy vakili Aziz Obidovga ko‘ra,  o‘tgan vaqt davomida  fuqarolik sudlarida jami 138 962 ta ish ko‘rib chiqilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2018-yilning shu davriga nisbatan 19,1 foizga kamayganini ko‘rsatadi.

Hisobot davrida 69 mlrd. so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlar (voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomondan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalar) undirish haqida 60 282 ta sud buyrug‘i chiqarildi. Ushbu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan summa bo‘yicha 68,1 foizga, sud buyruqlari soni bo‘yicha esa 71,3 foizga kamaydi. Ko‘rinadiki, farq katta. Buni fuqarolarning to‘lov madaniyati ortib borayotgani bilan izohlashmoqda mutaxasisslar.

Ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha 120 081 ta hal qiluv qarorlari chiqarildi. Ularda da’vo talablarning 86,4 foizdan ortig‘i qanoatlantirildi. Demak, sudga murojaat qilgan fuqarolarning aksariyatini murodi hosil bo‘lmoqda. Ikkinchidan, mazkur raqamlar odamlarda o‘z  haqqiga da’vogarlik hissi tobora shakllanib borayotganini ham ko‘rsatadi.

O‘jar raqamlar nikohni bekor qilish bilan bog‘liq nizolar «yetakchilik» qilayotganini ko‘rsatadi. Qarang-da: hal qiluv qarori qabul qilingan da’vo tartibidagi 98 080 ta fuqarolik ishlaridan 27 701 tasi nikohdan ajratish bilan bog‘liq nizolarni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinda bitimlar bilan bog‘liq nizolar (24 233 tasi) bo‘lsa, 1 165 tasi ishga tiklash, 1 045 tasi turar joydan ko‘chirishga oid va boshqa ishlar tashkil qiladi.

Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahliliga ko‘ra, hal qiluv qarori qabul qilingan 27 701 ta ishning 16 739 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (qonuniy nikohlar bekor qilingan), 10 962 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (qonuniy nikohlar bekor qilinmagan). Bundan tashqari, 3 945 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.

Har uchta fuqarolik ishining bittasi sayyor sud majlislarida (52 696 ta) ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 791 ta ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 255 ta qaror bekor qilindi va 95 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring