Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Goh prokuror chaqirsa, goh IIB «yo‘qlaydi», MIBchilarning o‘yinini-ku, qo‘yavering...»

«Goh prokuror chaqirsa, goh IIB «yo‘qlaydi», MIBchilarning o‘yinini-ku, qo‘yavering...»

Foto: «Xabar.uz»

Hazorasplik Rahimbergan Allaberganovning sud yoki tergov idoralarida ishi qolmagandi hisob. Bo‘ldi-da, endi?! Necha yil sudma-sud yurdi, axir?!

Avvaliga mulklari tortib olindi, so‘ng o‘zi qo‘lbola ayblov bilan jinoiy javobgarlikka tortildi...

O‘tgan yilning adog‘ida R. Allaberganovning boshiga tushgan ko‘rgiliklar haqida saytimizda «Savol hamon ko‘ndalang: oqlash osonmi yoki yoqlash?» sarlavhali maqola e’lon qilingach, ta’bir joiz bo‘lsa, muz o‘rnidan ko‘chdi. Qahramonimizning «ishi» Oliy sudda ko‘rilib, unga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmini o‘z kuchida qoldirgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudining ajrimi bekor qilindi.

Jinoyat ishi shu sudda yangidan ko‘rilgach, R. Allaberganovni bitta ayblov bo‘yicha oqladi, ikkitasi bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani bois jazo tayinlashni nomaqbul deb topdi.

Muhimi, sudning mazkur ajrimi bilan R.Allaberganovga ilgari ilingan zararlar ayblovdan chiqarib tashlandi. Bungacha esa uning «Neksiya» mashinasi yetkazilgan zararlarni qoplash vaji bilan xatlanib, sotib yuborilgandi.

Yana bir muhim holat: undan avvalroq R. Allaberganovni halol mulkidan mosuvo qilayozgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudi hal qiluv qarori ham bekor qilindi.

Demak, hammasi ortda qolgan. Xo‘sh, unda muammo nimada?

Muammo hamon R. Allaberganov tinch qo‘yilmayotganida!

O‘tgan yilning oxirida — unga nisbatan yuritilgan «delo» Oliy sudda «singani»dan sanoqli kunlar o‘tib, Majburiy ijro byurosining Xazorasp tumani bo‘limi davlat ijrochisi ishga kirishib ketsami?! Ya’nikim, Hazorasp tumani «Muxamon» mahallasidagi bir paytlar sobiq «Xorazm» shirkat xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan va ayni vaqtda R. Allaberganov tomonidan sotib olingan bino-inshootlardan (R. Allaberganovni) «majburiy ko‘chirishni» boshlaydi o‘zicha! E’tiborlisi, MIB xodimi qishli-qirovli kunlarda ijro ishiga kirishar ekan, qo‘lidagi sud qarori bekor bo‘lganini bilmaydi go‘yo... Shuningdek, ijro jarayoniga na R. Allaberganovni taklif qiladi, na boshqa birorta xolisni?! Bino ichidagi narsalarni o‘z tashabbusi bilan tashqariga chiqarib tashlaydi...

Bu orada jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi R. Allaberganovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgartiradi, uning bo‘yiniga yo‘q joydan ilib qo‘yilgan zararlarni bekor qiladi.

Mazkur ajrim chiqqaniga o‘n oydan o‘tdi, biroq uning talablari hanuz Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan ijro etilgani yo‘q. Na mashinasi qaytarildi, na o‘zining xususiy inshootiga kirib, tadbirkorlik faoliyatini davom ettira oldi!

E’tiborlisi, tuman MIB xodimlari R. Allaberganovning zarariga chiqqan sud qarorlari ijrosiga qanchalik shoshilishsa, uning foydasiga chiqqan sud hujjati ijrosiga shunchalar «kinna» solishdi.

Mana, bir paytlar sotib yuborgan mashinasini qaytarishga shoshilishayotgani yo‘q, qishli-qirovli kunda o‘zicha «ijro qilib», yarmida tashlab ketgan bino-inshootidan foydalanish masalasida jilla qursa tushuntirish berishni-ku, xayoliga keltirmayapti.

— Majburiy ijro byurosining Hazorasp tuman bo‘limidagilar hujjatlaringiz tuman prokuraturasida, deyishadi. Prokuraturadagilar esa hech narsadan bexabar ekanini aytishadi, — deydi tadbirkor R.Allaberganov.

Tadbirkorning aytishicha, uni doimiy ravishda Hazorasp tuman huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari tazyiq ostiga olayotgan ekan. Goh tuman IIB bo‘limiga, goh tuman prokuraturasiga chaqiradi deng...

Voqeaga oydinlik kiritish maqsadida «Xabar.uz» muxbiri necha marta Hazorasp tuman prokuraturasida bo‘ldi. Afsuski, majlis ustiga majlislardan bo‘shamayotgan tuman prokurori R.Jumaniyozov bilan uchrashib, masalaga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lolmadi. Kuni kecha esa prokuratura binosi ichkarisiga kirishga muvaffaq bo‘lgan muxbirimizni qabulxona shovvozlari R.Jumaniyozovning muhim yig‘ilishga ketganini aytib, chiqarib yuborishdi.

Nachora, huquqiy demokratik jamiyat sari dadil odimlayotgan bir pallada mazkur mahkamadan muhim savollarimizga javob ololmaganimizga emas, balki ishlayman, davlatga, jamiyatga katta manfaatlar keltiraman deb turgan tadbirkorning hanuz muammolar girdobida qolayotgani zarracha qiziqtirmayotganidan qattiq o‘kindik, deydi muxbirimiz.

Qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul Hazorasp tuman IIB va tuman prokuraturasi mutasaddilari ishlayman degan bir tadbirkorga sun’iy to‘siqlar bartaraf qilinishiga yordam berish o‘rniga, qonunga zid ravishda to‘sqinlik qilish – dam-badam asossiz chaqiruvlar uyushtirishidan maqsad nima o‘zi?

Sud qaroridan keyin ham tadbirkor yeng shimarib ishga kirisholmasa, bu nima degan gap?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring