Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Haydovchilar diqqatiga! Jarimalar borasida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Haydovchilar diqqatiga! Jarimalar borasida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining telegram kanali orqali ma’lum qildi.

Yangi loyihaga ko‘ra:

— Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishiga (1286-modda) bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solinadi. (Amalda bu bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida bo‘lib, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda esa bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik uch marta va undan ortiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi).

— Transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish (123-modda) bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismi miqdorida jarima belgilanmoqda. (Amalda bu bazaviy hisoblash miqdorining beshdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda)

Yangi loyihaga ko‘ra, huquqbuzarlikning ortib borishi bilan jarima miqdorlarining ham ortib borishi bekor qilinmoqda.

— Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolganlik (137-modda) uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, YTHning og‘ir yoki yengil darajasiga qarab jarimalar ham aniqlashtirilmoqda. Xususan:

— Yo‘l transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi, agar yo‘l-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Yo‘l transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi, agar yo‘l-transport hodisasi natijasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga nisbatan og‘irroq oqibatni keltirib chiqargan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum etishga yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

(Amalda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum etishga yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi)

— Transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish (141-modda) bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. (Amalda bu bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda)

— Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish (147-modda) fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. (Amalda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravari miqdorida)

Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik (54-modda) uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga o‘ttiz baravari miqdorida jarima solinadi. (Amalda bu fuqarolarga yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda edi)

Loyiha deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Ungacha takliflardan kelib chiqib ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring