Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ana tezkorlig-u mana tezkorlik: ikki oydan beri cho‘zilib kelayotgan ijro ishi ikki soatda nihoyasiga yetdi

Ana tezkorlig-u mana tezkorlik: ikki oydan beri cho‘zilib kelayotgan ijro ishi ikki soatda nihoyasiga yetdi

Sanoqli soatlar burun saytimizda «Sud vazifasini bajardi, MIB-chi?» sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda Majburiy ijro byurosining (MIB) Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan qarzdor «Sirdaryo Avtotexxizmat» MChJdan fuqaro S. B. foydasiga 10.000.000 so‘m undirilish haqida ijro hujjati «dam yeb yotgani» tilga olingandi.

Ordan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q. Kutilganidek, ijtimoiy tarmoq va veb-saytlarni diqqat bilan kuzatib o‘tiradigan MIB matbuot xizmati rahbari Farruh Toshpo‘latov biz bilan bog‘landi. Aytdiki, maqolada keltirilgan ijro ishi «dam yeb» yotgani yo‘q, xodimlar harakatda. Ya’nikim, ijro ishi yuzasidan qarzdorning mulkiy holatini aniqlash maqsadida vakolatli organlarga so‘rovnomalar yuborildi,  unga tegishli (undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan) mol-mulklari mavjud emasligi aniqlandi, hatto bank hisobraqamlariga band solindi ham.

«Nega unda hamon natija yo‘q?».

— Natija bor, — dedi F.Toshpo‘latov. —  Hozirgina Sirdaryodagi MIB xodimlari bilan gaplashdim, uzog‘i bilan ikki soatda undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘ undiruvchining bank plastik kartasiga tushadi.

Darhaqiqat, shunday bo‘ldi: bizga nusxasi yuborilgan to‘lov topshiriqnomasida tegishli mablag‘ undiruvchining plastik kartasiga o‘tkazib bo‘linganini tasdiqlab turardi.

Bunday tezkorlik doim ham kuzatilavermaydi. Ayniqsa, MIBda! Gap yo‘q, Farrux Toshpo‘latov, bugunning hisobidan yana bir xayrli ishga bosh bo‘ldingiz. Bardavom bo‘lsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring