Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Inspektorlarni kaltaklagan «Captiva» haydovchisi va uning qarindoshlari ozodlikdan mahrum etildi

Inspektorlarni kaltaklagan «Captiva» haydovchisi va uning qarindoshlari ozodlikdan mahrum etildi

Foto: «Xabar.uz»

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 2018-yil 12-oktyabr kuni «Captiva» haydovchisini to‘xtatgan inspektorlar serjant R.Dolliyev va unga yordamga kelgan leytenant N.Hamidovlar haydovchi hamda uning yaqin qarindoshlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu ishni joriy yil 25-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi ko‘rib chiqdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Sud hukmida keltirilishicha, 1991-yilda tug‘ilgan «Captiva» haydovchisi Murod Iraliyev 2018-yil 12-oktyabr kuni tumanning «O‘zbekiston» ko‘chasida harakatlanib ketayotgan vaqtida yo‘l harakati xafsizligi inspektori serjant R.Dolliyev tomonidan to‘xtatilgan. Haydovchi inspektorning xavfsizlik kamari taqmaganligi va avtomashinaning yon oynalariga qora parda taqqanligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzib, avtomobilni jarima maydonchasiga olib borishi to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmay, YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan. Telefon orqali yaqin qarindoshlari — opasi Sharofat Iraliyeva, pochchasi Husniddin To‘xtarov va qarindoshi Faxriddin Eshnazarovlarni yordamga chaqirgan.

Vaziyat yomonlashavergach, serjant R.Dolliyev ham 3-safarbarlik guruhi komandiri, leytenant N.Hamidovni yordamga chaqiradi. Ammo «Captiva» haydovchisi Murod Iraliyev va uning yaqin qarindoshlari yo‘l inspektorlariga qattiq qarshilik ko‘rsatib, ularga tegishli ma’muriy bayonnomalarni olib qo‘yadi. Kiyimlarini yirtib, pagonini ham yulib oladi. O‘zlariga esa tan jarohati yetkazadi.

Sudya F.Qambarova raisligida o‘tgan sud majlisida yo‘l inspektorlarini kaltaklab, xizmat vazifasini o‘tashga xalal bergan qarindoshlar aybdor deb topildi.

Haydovchi Murod Iraliyev Jinoyat kodeksining 219-moddaning (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi, 227-moddaning (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan. Voqea ishtirokchilari Husniddin To‘xtarovga 3 yil, Faxriddin Eshnazarovga esa 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchi Sharofat Iraliyevaga esa 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring