Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jabrlanuvchining qaynisi sud zalidan qamoqqa olindi

Jabrlanuvchining qaynisi sud zalidan qamoqqa olindi

Illyustrativ foto.

Birovning nonini  tuya qilish buncha oson bo‘lmasa?!

Durdiboyni «birov» deb bo‘lmaydi aslida, Jumaniyozga pochcha bo‘ladi. Tug‘ishgan opasining ko‘z ochib ko‘rgani.

Durdiboy o‘zini begona emas, qaynisi chuv tushirib ketishini tush ko‘ribdimi?!

O‘ttiz to‘qqiz bosh qoramolni shunga ishonibdi-ya. Jumaniyoz nima qildi? Hamma qoramolni olmish million so‘mdan ko‘proqqa sotib, pulini o‘zlashtirvordi.

Alam qiladimi? 

Bo‘lmasa-chi?! Jon qarindoshing firib bersa, begonadan ne umid?!

Jumaniyozning shu bilan nafsi qonsa, qani?! U yana bir tanishi — Qadamboy  og‘aning ishonchiga kirib,  «Har bosh qoramolingizni oyiga 40.000 so‘mdan boqib beraman» deb, laqqa tushirsami? Shu tariqa Qadamboy og‘aning to‘rt bosh qoramoli qulog‘ini ushlab ketdi. Jonivorlar ko‘tara savdoda o‘n besh milliondan kamiga ketmasdi...

Nima qilish kerak? Qishloq sharoitida buncha mablag‘ hazilakam quvvatga egami?

Kerakli idoraga yozdilar. Darhol surishtiruv boshlanib, jinoyat ishi ko‘zg‘atildi. Dastlabki tergov va sudda Jumaniyozga imkoniyat berildi: zararlarni  to‘la, baraka topgur, panja ortini ko‘rmaysan...

Yo‘q, zararlar qoplanmadi.

Oqibatki, sud uni O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi va JKning57-moddasini qo‘llagan holda 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jumaniyoz sud zalidan qamoqqa olindi.

Zararlar qoplanmaguncha mushkuling oson bo‘lmasligini nahot tushunmasang?!

Necha marta aytildi, axir?!

D.Muratov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi raisi v.b.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring