Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlar hokim sudga kelishini talab qilishmoqda

Jurnalistlar hokim sudga kelishini talab qilishmoqda

Kollaj: «Xabar.uz»

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov viloyat hokimligining nashri – «Andijonnoma» ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahririyatini sudga bergani haqida xabar qilgandik. Sababi gazetaning shu yil 2-mart sonida chiqqan o‘zi haqidagi «O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?» sarlavhali tanqidiy maqola (muallif Qobiljon Asqarov).

Hokimning «Maqolani qonun talablariga zid deb topish (?-tahr.) va raddiya chop etish majburiyatini yuklash to‘g‘risida»gi da’vo arizasi yuzasidan dastlabki sud majlisi shu yilning 29-may kuniga belgilangani, biroq da’vorgar (yoki uning ishonchli vakili) kelmagani bois sud boshqa kunga qoldirilganidan ham o‘quvchilarimizning xabari bor.

Qisqasi, hokimning da’vosi yuzasidan FIB Andijon tumanlararo sudida 14-19-iyun kunlari ikki marta sud majlisi bo‘lib o‘tdi. «Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, keyingi sud majlisi uch yarim soat davom etib, unda 20 nafarga yaqin (!) guvohlarning so‘zlari tinglandi. Biroq sud hali yakuniga yetgani yo‘q. Tomonlarning iltimosidan kelib chiqib, sud boshqa kuni davom ettirilajagi aytilmoqda.

Darvoqe, sudga hokimning o‘zi kelgani yo‘q. Uning nomidan ishonchli vakili qatnashmoqda. Javobgar tomon — tahririyat vakillari esa sudga hokim shaxsan kelishini so‘rashmoqda. Negaki, «O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?» maqolasida Ulug‘bek Isomiddinovning shaxsi va faoliyatining ayrim qirralari qalamga olingani bois ularga aniqlik kiritish uchun sudda hokimning shaxsan ishtiroki taqozo etiladi, deyishmoqda jurnalistlar.

Jurnalistlarning shu haqda sudga kiritgan iltimosnomasi qanoatlantiriladimi, yo‘qmi — bu hozircha muallaq turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring