Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistni haqorat qilgan bosh shifokorning «ishi» qayta ko‘riladigan bo‘ldi

Jurnalistni haqorat qilgan bosh shifokorning «ishi» qayta ko‘riladigan bo‘ldi

«Daryo.uz» jurnalisti Musulmonbek Ibrohimovni haqorat qilgani ortidan Respublika teri-tanosil kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Oybek Ibragimovga qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yangidan ko‘riladigan bo‘ldi.

Gap shundaki, joriy yilning mart oyida o‘zaro muloqotdan kelib chiqqan tushunmovchilik natijasida bosh shifokor O. Ibragimov jurnalistni haqoratlab, unga qo‘l ko‘tarish darajasiga boradi. Bunday munosabatni «hazm qilmagan» (qilmaydiyam-da!) jurnalist vakolatli organga murojaat qiladi. Shunga qaramay, masalaga o‘z vaqtida qonuniy nuqta qo‘yilmaydi. Aksincha, «otangga bor — onangga bor» qabilida ish tutilgani natijasida oradan sakkiz oy o‘tib ketadi. Bu vaqt jarayonida «ish»ni olib borgan IIB profilaktika inspektori mojaro ishtirokchisiga aylanayozadi.

E’tiborlisi, poytaxtning Mirobod tuman ma’muriy sudi bosh shifokorga nisbatan (va ancha ko‘ngilchanlik bilan ochilgan) ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishni «muddati o‘tib ketdi» vaji bilan «yopib» tashlaydi...  

Yaqinda jurnalist M. Ibrohimovning shikoyatiga ko‘ra mazkur «ish» Toshkent shahar ma’muriy sudida ko‘rib chiqildi. Natijada tuman sudi qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rishga yuborildi.

Ishni qayta ko‘rish jarayonida bosh shifokorning xatti-harakatlarida «haqorat qilish»dan tashqari mayda bezorilik alomatlari bor-yo‘qligi ham o‘rganilishi ehtimoli katta.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring