Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitobda maktab direktori o‘zini osdi. Marhum o‘limidan avval xat qoldirib ketgani aytilmoqda

Kitobda maktab direktori o‘zini osdi. Marhum o‘limidan avval xat qoldirib ketgani aytilmoqda

«Nasafnews» Kitob tumanidagi maktab direktori o‘zini osgani, vafotidan oldin xat yozib qoldirgani haqida xabar tarqatdi. Aytilishicha, xatda «Har qanday holatda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ymang. Maktabdagi «to‘nkalar» ham ishlasin, xalqning bolasini ko‘zini o‘ymang, sizlardan iltimos», degan jumlalar bor.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqatilgan xabarga oydinlik kiritdi. Mahkama matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Kitob tumani «Bog‘bon» MFYda istiqomat qiluvchi L. Eshqobilov va boshqalar shu yilning 8-sentyabr kuni tuman prokuraturasiga murojaat qilib, jiyani N.T. o‘z joniga qasd qilganligini bildirgan holda aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, marhum N. T. Kitob tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarning birida direktor lavozimida ishlab kelgan. U shu yilning 31-avgust kuni o‘zi rahbarlik qilgan maktabning ma’muriy binosida o‘zini osishi natijasida vafot etgan.

Tuman IIB xodimlari N.T.ning o‘limi holatini aniqlash uchun marhumning uyiga borganlarida uning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazmaslik maqsadida yurak xurujidan vafot etganligini aytishib, jasadni shu kunning o‘zida ko‘mib yuborishgan.

Ayni paytda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tuman xalq ta’limi bo‘limi, tuman ichki ishlar bo‘limi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazining Kitob tumani bo‘limi xodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Tekshiruv harakatlari davomida N.T.ning o‘lim sababini aniqlash maqsadida jasadni eksgumatsiya qilish yo‘li orqali sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazish tushuntirilganda, marhumning yaqin qarindoshlari bunga (eksgumatsiya qilishga) mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishgan.

Marhum o‘limidan avval 3 nusxada tilxat yozib qoldirgan bo‘lib, ushbu tilxatlar uning tog‘asi L.Eshqobilovda saqlanayotganligi aniqlangan.

Ushbu tilxatlarni tergovga qadar tekshiruv zaruratiga ko‘ra sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash uchun taqdim qilish talab etilganda, L.Eshqobilov ushbu hujjatlarning nusxasini taqdim qilib, asl nusxalarini taqdim qilishdan bosh tortgan.

Hozirda Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring