Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyaga nima uchun o‘zgartishlar kiritilmoqda? Mutaxassis izohi

Konstitutsiyaga nima uchun o‘zgartishlar kiritilmoqda? Mutaxassis izohi

Bugungi Taraqqiyot strategiyasining maqsadlarini amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifa bo‘lib turibdi.  Yaqinda ikki yirik partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiya va «Milliy Tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan Konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish masalasi kun tartibiga olib chiqilishi ham bejiz emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyani yangilashdek strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama bamaslahat holda qaror qabul qilinishi xaqida fikr bildirar ekan, shu o‘rinda jahondagi ilg‘or tajribalarini har tomonlama chuqur o‘rganish va tahliliy xulosalardan keyingina aniq qaror qabul qilish zarurligini ta’kidlagan edilar.

Xo‘sh, ushbu masala rivojlangan davlatlarda qanday bo‘lgan ekan? Ularning ba’zilarini ko‘rib chiqsak.

Umuman olganda, xorijiy konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni tahlillari shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bu jamiyatdagi ekologiya, qadriyatlarning kamsitilishi, millatlararo totuvlik muammolari, xavfsizlik, inson qadri hamda umuminsoniy qadriyatlarni yuqori qo‘yish kabi yo‘nalishlardagi talablar asosida o‘zgartirishlar kiritilgan.

Masalan, Slovakiya Respublikasi xavfsizlikni mustahkamlash hamda bu borada fuqarolarning xuquq va burchlari masalasida 1992-yildagi Konstitutsiyasiga dekabr 2015-yilda 17-moddasiga «terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni politsiya 96 soatgacha (oldin 48 soat edi) ushlab qolishi belgilandi. Yoki Fransiyada 13 noyabr 2015-yil  terrorchilik xarakatlar sababli Millatni himoya qiluvchi konstitutsiyaviy qoida kiritildi.

2019-yilda Chilida ham xalq fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib, 1980-yilda kabul qilingan konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga erisha oldi. Shu tariqa, 25 oktyabr 2020-yilda Chilida referendum bo‘lib o‘tdi, 2022 yilda esa qoidalar amalga osha boshladi. Bu siyosiy jarayonlar Chilining fuqarolik jamiyati rivojlanishida katta voqea bo‘ldi.

Yoki Malayziya Federatsiya Respublikasi Konstitutsiyasini olaylik. Davlat Konstitutsiyasi 1957-yil qabul qilingan bo‘lib, unga 1963-yil birinchi marotaba, jami bo‘lib 42 marotaba o‘zgartirish kiritilgan ekan. Ular asosan  fuqarolik burchi va huquqlari, yoshlar masalasi,  deputatlar qasamyodi, senatorlarni saylash va tayinlash tartibi kabi masalalarga qaratilgan.

Hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. Bunday o‘zgarishlar bizning konstitutsiyamizdan ham o‘rin olishi o‘ta dolzarb desak bo‘ladi.

Xulosada aytish kerakki, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydi. Bugungi shiddatli davr zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasi tayyorlanishi albatta,  xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo‘lar edi.

Feruza Xolmatovna Usarova,
O‘zR Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori v.b., siyosiy fanlar nomzodi, dotsent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring