Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIBning hokimliklarga «tishi o‘tmaydi»mi?

MIBning hokimliklarga «tishi o‘tmaydi»mi?

Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi matbuot anjumani o‘tkazdi. Ikki yarim yil deganda birinchi marta. Tashkilotga asos solinganidan buyon mas’ullar OAV xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot qilmaganligi bois jurnalistlarda savollar to‘planib qolgan edi. Anjuman anchayin jonli, qizg‘in o‘tganining sababi ham shu.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hamidullo Masaitov aytdiki, viloyat bo‘yicha tizimda 961 nafar xodim faoliyat ko‘rsatyapti, ularning 485 nafari inspektorlar, 154 nafari esa davlat ijrochilari.

Xo‘sh, byuroning shuncha katta «armiya»si o‘tgan to‘qqiz oy ichida nima yumushlar bilan band bo‘ldi?

Ta’kidlanishicha, hisobot davrida iste’molchilardan energiya resurslari, suv hamda qattiq maishiy chiqindilar sohasida 924,6 milliard so‘m undirilgan. O‘tgan yilning ayni uch choragida bu ko‘rsatkich 650 milliardni tashkil etgan ekan — o‘rtada qariyb 273 milliard so‘mlik tafovut bor. Demak, qarzdorliklar qisqarib bormoqda, iste’molchilarda to‘lov madaniyati shakllanyapti.

Ijro hujjatlarini yakuniga yetkazish borasida ham avvalgi yilning mos davriga nisbatan 13 foizlik o‘sish ko‘zga tashlanadi. Ayni yo‘nalishda 789 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar undirilgan.

Keyingi paytda viloyatda oilaviy ajrimlar soni ortayotgani, hatto bu borada respublika miqyosida Andijon birinchi o‘rinda turganligi eng og‘riqli masalalardan.

Muammo MIBchilar zimmasiga-da yaxshigina vazifa yuklaydiki, aliment bilan bog‘liq mojarolar doim ham silliq yakun topmasligi barchamizga ma’lum. Shu sababli xodimlar aliment to‘lovidan qochib yurgan otalar bilan astoydil muloqot qilib, profilaktik-tushuntirish ishlariga zo‘r berishyaptiki, zora, farzandlari taqdiri xususida yana bir jiddiy o‘ylab ko‘rishsa, deb. Sa’y-harakatlar natijasi yomonmas – shu kungacha 1198 ta oila yarashtirildi. Qoyilmisiz? Bunday ezgulikka sababchi bo‘lgan mutaxassislarga har qancha tahsin aytilsa, kam.

Sir emas, bugun byuro haqida odamlar turlicha qarashlarga ega. Asosiy e’tirozlardan biri – ayrim inspektor va ijrochilarning fuqarolarga nisbatan qo‘pol munosabati, muomala madaniyati yetishmasligi. Birniki – mingga, mingniki – tumanga degandek, ora-sira uchrab turuvchi ana shunday noxush vaziyatlar to‘g‘risidagi gap-so‘zlar og‘izdan og‘izga o‘tib, pirovardida tashkilotning imiji haqida salbiy fikrlar ko‘payishiga sabab bo‘layotir. Bunday xabarlar rahbariyatning ham qulog‘iga chalinadimi? Yoki xodim va iste’molchi munosabatlarida har doim MIB vakili haq, uning aytgani – aytgan, degani – deganmi?

Boshqarma mutasaddilarining ta’kidlashicha, MIB xodimi hamisha haq bo‘lavermaydi. Aholining bu boradagi e’tirozlariga o‘ta jiddiy e’tibor qaratiladi. Nojo‘ya xatti-harakat qilayotgan inspektor yoki ijrochilarga nisbatan murosasiz munosabat shakllangan. Shu kunga qadar 17 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilganligi, alqissa, 4 nafari jinoiy javobgarlikka tortilib, 2 nafari vazifasidan ozod etilganligi yuqoridagi fikrga yaqqol isbot.

Byuro faoliyatiga oid yana bir nozik masala ko‘zga tashlanyaptiki, bu jamoatchilik, xususan, jurnalistlarni anchadan buyon qiziqtiradi. Aytaylik, oddiy fuqaroning kommunal to‘lovlardan qarzi bor. MIB xodimi darrov yugurib keladi. To‘lov besh kun ichida amalga oshirilmasa, tegishli miqdorda jarima solinadi, kamiga qarzdorlikni so‘ndirish uchun e’tibor uning mol-mulklariga qaratiladi. Qisqasi, har qanday vaziyatda ijro harakatlari yakuniga yetkaziladi. Bu – qonun talabi. Ammo sud qarori bilan fuqaro manfaatlarini ko‘zlab, hokimliklar zimmasiga majburiyat yuklatilgan holatlarda yuqoridagi tartib-taomil quvvatini yo‘qotayotganday. Axir ijro hujjati ayni masalaga daxldor bo‘lgan har bir fuqaro, inchunun, hokimu amaldorlarga ham majburiy emasmi?

Uzoqqa bormasdan, o‘zimiz bilgan holatni misol keltirsak. Andijon tumani hokimi 2005 yilda bir guruh fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Biroq hokimlar almashinuvi hamda boshqa turli sabablarga ko‘ra, yillar o‘tsa-da tegishli maydonni o‘lchab berish masalasi paysalga solinaveradi. Yugur-yugurdan charchagan fuqarolar oxiri sudga arzi hol qilib borishadi. Sud qarasaki, masala aniq-ravshan – bir deganda hal qiluv qarori chiqarib, Andijon tumani hokimligi zimmasiga da’vogarlarga ko‘zda tutilgan yer uchastkalarini ajratib berish vazifasini yuklaydi. Qaror darhol ijroga qaratiladi. Shundan so‘ng ham oradan ikki yildan ziyod vaqt o‘tsa-da, bugunga qadar yer ajratilmasdan, ayni ijro hujjati «dam yeb» yotganligini qanday tushunish mumkin? Yoki vaqtida qarzini to‘lamagani uchun oddiy fuqaroga jarima solgan MIBning hokimlik mutasaddilariga chora ko‘rishga «tishi o‘tmaydi»mi?

Hamidullo Masaitovning qayd etishicha, shunga o‘xshash holatlar bor, bu chindan-da faoliyatdagi nuqsonlardan biri. Yuqorida tilga olingan ijro hujjati borasida ham byuro tomonidan hokimlik zimmasiga majburiyat yuklatilgan. Ammo uni bajarmaganlik uchun amaldorlarga chora ko‘rilmagan. Chunki majburiyat yuklatilgan holat ijrochining vakolat chegarasi hisoblanadi, ya’ni qonun talabi shunday. Ta’kidlandiki, tizimning amaliyotda uchrab turadigan bu kabi bo‘shliqlarini to‘ldirish, muammolarga jo‘yali yechim topish borasida boshqarma tomonidan yuqori idoralarga qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan ham takliflar berib borilayotir. Nasib etsa... Mayli, buni endi vaqt ko‘rsatadi.

Xullas, tadbir tashkilotchilari qizg‘in bahs-munozaralar yakunida «matbuot anjumani biz uchun foydadan holi emas ekan, endi sizlar bilan tez-tez uchrashib turamiz», degan samimiy xulosasini ochiq-oydin aytishdi. Ommaviy axborot vositalari davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi ko‘prik ekanligini chin dildan his etishganining o‘zi katta gap. Matbuot uchun ham eng muhimi shu.

Nurillo No‘’monov    

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring