Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mittal xonim 10 nafar ayol sudya bilan bir piyola choy ustida suhbatlashish istagini bildirdi

Mittal xonim 10 nafar ayol sudya bilan bir piyola choy ustida suhbatlashish istagini bildirdi

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonim o‘zbekistonlik 10 nafar ayol sudya bilan bir piyola choy ustida miriqib suhbatlashish niyatida. U ayni istagini Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov bilan uchrashuv jarayonida bildirdi.

Gap shundaki, bugun Mittal xonim Sudyalar oliy kengashiga tashrif buyurdi. Kengash matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, xususan, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, tizimda korrupsiyaning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mehmonda Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan Sudyalar klubi, ayniqsa, uning onlayn platformasida muhokama etilayotgan mavzular katta qiziqish uyg‘otdi. O‘z navbatida Mittal xonim kengash faoliyati, xususan, sudyalik lavozimiga tayinlash ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi hamda BMT tizimidagi axborot resurslari orqali namunali amaliyot tariqasida «keys-stadi» ko‘rinishida namoyish qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti g‘oyasi asosida tashkil etilgan mazkur klub faoliyatini o‘ta ijobiy yangilik sifatida («best practise») har ikki yilda Venada bo‘lib o‘tadigan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro kongressda taqdim etishni ham ilgari surdi.

Uchrashuvda BMTning qayd etilgan boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasining odam savdosi va noqonuniy migratsiya masalasi bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga yaqinda tayinlangan Reda Sirgediyene ham tanishtirildi. Sirgediyene xonim O‘zbekistonda ish boshlaganidan mamnun ekanini qayd etish asnosida Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi dasturlariga BMTning o‘quv modellarini kiritish taklifni o‘rtaga tashladi.

Yakunda mehmon xonimlar tizimdagi tender tengligi masalasi bilan qiziqdilar. Ayni paytda sud tizimida 123 nafar sudya ayol faoliyat ko‘rsatayotgani, ular orasida rahbarlik lavozimida ishlayotgan kam emasligidan voqif bo‘lishgach, hayratlarini yashirib o‘tirmadi. Aksincha, Mittal xonim xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida o‘zbekistonlik 10 nafar ayol sudya bilan bir piyola choy ustida miriqib suhbatlashish istagi tug‘ilganini bildirdi. Bunga javoban bunday istak amalga oshishida muammo yo‘qligi aytildi, deyiladi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring