Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiy «SES» bosh vrachi va ombor mudiri hibsga olindi

Navoiy «SES» bosh vrachi va ombor mudiri hibsga olindi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslariga hamda boshqalarga nisbatan JK (Jinoyat kodeksi)ning 167-moddasi (o‘zlashtirish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Xabar.uz» so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra qo‘zg‘atilgani aytiladi.

Xabarda mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilinganligi munosabati bilan viloyatda sanitariya va epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga mas’ul shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2020-yilgi PF-5969-sonli Farmoni asosida tashkil qilingan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘larni maqsadsiz sarflagani ta’kidlanadi.

Jumladan, markaz mansabdor va moddiy javobgar shaxslari jami 509 mln. 863 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Ayni paytda markaz bosh vrachi va ombor mudiriga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi va o‘zlashtirish jinoyatlari bo‘yicha ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi doirasida holatga aloqador boshqa shaxslarning ayblilik masalasi hal qilinmoqda.

Shuningdek, markazning 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslarning turar joylarida tintuvlar o‘tkazilganda, markaz rahbarining xonadonidan 6 dona ko‘p tarmoqli davolash va 1 dona tashxis qo‘yish uskunalari hamda markazning 2019-yil uchun yuritilgan buyruqlarni ro‘yxatga olish kitobi, xo‘jalik mudirining xonadonidan 8 to‘plam infeksiyaga qarshi maxsus himoya kiyimi va 5 turdagi tibbiy himoya vositalari olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring