Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘g‘riga 100 darra, bog‘bonga 200 tami?»

«O‘g‘riga 100 darra, bog‘bonga 200 tami?»

Foto: «Xabar.uz»

Tushunarsiz sud qarori... Balki yuridik bilim yo‘qligimikan?

Sodda va lo‘nda tushuntirishga urinaman.

Tasavvur qiling: Sizning hovlingizga kimdir kirdi. So‘ramasdan, albatta. Bemalol, katta xolasining uyiga kirgandek, aylanib, orqa hovlidagi mol-qo‘ylaringizni rasmga ham oldi.

Siz hayron: «Kim bu? Qayerdansan?» deysizmi? Haligi odam sizni mensimagach, yengillik qilsangiz quloq-chakkasiga tortvorasiz. Og‘irlik qilgan taqdiringizda ham so‘kinvorishingiz tabiiy. Axir sizning xonadoningiz, hovlida ahli ayolingiz bo‘lishi mumkin.

Xullas, mojaro chiqib, dahanaki janjal bo‘ldi. Voqea joyiga kelgan IIB profilaktika inspektori nima qiladi — ishni sudga oshiradi-da.

Xo‘p. Sudya kimni aybdor qilishi mumkin? Hovliga o‘g‘rincha kirgannimi yoki uy egasigami?

Fikrlaringizni keyin bildirarsiz.

Rishtondagi ma’muriy sud hovliga bostirib kirganga 1 «minimalka», uni so‘kib bergan uy egasiga 2 «minimalka» jarima jazosi qo‘llaniladi?!

Sudda tomonlar (o‘zbekchilik, musulmonchilik deb) bir-birini kechirib, adovati yo‘qligi aytadi. Shunga qaramay jazo berildi. Men esa jazodagi adolatni tushunmay halakman.

Deylik, men sizning hovlingizga ruxsatsiz, bemalol kirib, jurnalistman deb, mol-qo‘ydan tashqari singlingiz, opangiz, xotiningizni rasmga oldim... Siz buning uchun meni haqoratlashingiz tabiiy. (Men bilgan qoidaga ko‘ra aft-basharamni bejab qo‘yishgayam haqqingiz bor.) Sud esa mendan ko‘ra Sizga ko‘proq jazo bersa?!

Tasavvurga sig‘adimi bu?!

E, bo‘lishi mumkinmas, demang. Sud qarorini ilova qilyapman, ishonmasangiz (va erinmasangiz) — ko‘ring, o‘qing...

Bahodir Eliboyev
(muallifning «Feysbuk»dagi sahifasidan olindi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring