Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud Bo‘stonliqdagi «buz-buz»lar bo‘yicha bayonot berdi

Oliy sud Bo‘stonliqdagi «buz-buz»lar bo‘yicha bayonot berdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «buz-buz»lar bo‘yicha bayonot berdi.

Unda qayd etilishicha, bir necha kundan buyon Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan ko‘rilayotgan qonuniy chora-tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga ko‘ra, har kimning erkin fikr aytish huquqidan kelib chiqib,  bildirilayotgan fikr-mulohazalarga hurmat bilan yondoshiladi. Shu barobarida, sud tizimi faoliyati xususidagi ayrim fikrlarga oydinlik kiritish lozim topilgan.

Bayonotda Bo‘stonliqdagi «buz-buz»lar yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohazalar ba’zi hollarda odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqib, hatto jamiyatning faol a’zolari, xususan, deputat maqomidagi insonlar tomonidan ham bildirilayotgani alohida ta’kidlanadi.

Qayd  etilishicha, Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi emas. Ayni tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, bu jarayonda noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish bo‘lgani bois, Oliy sud rahbariyati tashkilotchi-ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari bo‘lgan jurnalist va blogerlarning talabiga ko‘ra, unda ishtirok etish haqidagi taklifni (yanayam aniqrog‘i, xabarni) qabul qilgan. Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatiga kiradi.

«Shunga qaramay, huquqiy tushuntirishlarni go‘yoki sud organi ijroiya hokimiyatiga «advokatlik qilish» tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas.

Ikkinchidan, Bo‘stonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar o‘sha joyning o‘zida, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilmoqda. Aslida sayyor sud majlislari tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkillashtiriladi. Biroq o‘tkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni go‘yoki «hasharga kelgan shaxs» sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obro‘yiga putur yetkazishga urinish, deb baholash mumkin.

Uchinchidan, nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida mas’ul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan.

Nihoyat, to‘rtinchidan, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan yer uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan o‘zgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan o‘nlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib bo‘lmaydigan faktdir.

Sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birontasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkizilmagan qurilmalar, bitkazilgani ham dala hovlilarni tashkil etadi. Ushbu qurilmalar qalbaki hujjatlar asosida 2019 yilning oxirida qad rostlagan (buni «google maps» tizimi orqali aniqlashning murakkab joyi yo‘q), bunga shubha qilganlar «Sil kasalliklari sihatgohi»ga tegishli yerni talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan mutasaddilar bilan suhbatlashish bilangina cheklanmasdan jinoyat hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib, so‘ng fikr bildirsalar, maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Batafsil so‘rab-surishtirmasdan, masalani har tomonlama o‘rganmasdan fikr bildirilayotgani jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur hosil bo‘lishi ehtimolini paydo qilmoqda. Ushbudan maqsad matbuotda tortishish, bahs-munozaraga kirishish emas, balki haqiqiy holatni ko‘rsatishdir», — deyiladi bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring