Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud FIB Farg‘ona viloyat sudi ajrimini o‘zgartirdi. Prokuratura esa...

Oliy sud FIB Farg‘ona viloyat sudi ajrimini o‘zgartirdi. Prokuratura esa...

Fotokollaj: Xabar.uz

Saytimizda «Jinoyat bor-u jinoyatchi yo‘q...» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilinganidan xabaringiz bor. Unda beshariqlik tadbirkor Ravshanjon Roziqovning garovda bo‘lgan mulkiga qo‘shib, garovda bo‘lmaganlari ham (imzolarni qalbakilashtirgan holda!) sotib yuborilgani, ayni holat sabab yuzaga kelgan nizo fuqarolik sudlarida yillab cho‘zilayotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Shuningdek, mulklarni auksion savdosiga chiqarilishi jarayonidagi soxtakorlik va boshqa jinoiy holatlarda jinoyat hidi ufurib turganiga qaramay prokuratura organlari «jinoyat alomatlari yo‘qligi» ni aytishdan charchashmayotgani ham qayd etilgan edi.

Ayni maqola bo‘yicha o‘z manbamizdan ikkita axborot kelib tushdi.

Birinchisi. Imzolar qalbakilashtirilgani va boshqa holatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi navbatdagi bor «yopilibdi». Ajab... Bu hisob bo‘yicha oltinchisi! Voqealar rivoji shunday davom etaversa, shundoq ko‘rinib turgan jinoyatni «ko‘rmaslikka» olib, bitta «delo»ni «ochib-yopaverishda» Farg‘ona viloyat prokuraturasi rekord o‘rnatadi, chog‘i...

Ikkinchisi. Bunisi endi xushxabar. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi auksion savdo natijalarini, nihoyat, bekor qilar ekan, uning (auksion) g‘olibi («g‘olib» — begona emas, tadbirkorning xos jiyani!) to‘lagan pullarni tadbirkor bo‘yniga «ilib» qo‘ygani yodingizda, a? O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ayni shu mantiqsizlikka nuqta qo‘ydi. Ya’niki, FIB Farg‘ona viloyat sudi ajrimining auksion savdoda xaridor to‘lagan pulni tadbirkor hisobidan undirish qismi bekor qilindi.

Mana endi adolat posangisi to‘g‘rilandi. Zero, noqonuniy ravishda sotib yuborilgan mulkini qaytarib olishi uchun fuqaroga moliyaviy majburiyat yuklash — bu xuddiki o‘z molini qayta sotib olishga majburlashdan boshqa narsa emasdi-da.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring