Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud «Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

Oliy sud «Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

Foto:«Xabar.uz»

«Xabar.uz» saytida e’lon qilgan (2019 yil 17 iyun) «Andijon tumanlararo sudi sudyasi Oliy sud raisi bayonotini shubha ostiga qo‘ydi» sarlavhali maqolada «Andijanskaya pravda» gazetasi muxbiri Shefiye Imanqulova sud majlisiga qo‘yilmagani, sudya Nasibullo Qambarov «muxbirni sudga chaqirmaganman!» degan vaj bilan jurnalistni ochiq sud majlisiga kiritmagani haqida so‘z yuritilgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati sudyalari malaka hay’ati tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Avvalo ta’kidlash joizki, sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligi ta’minlash tizimda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekani ma’lum.  Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada  kuchaytirish tarafdoridir. Bu borada allaqachon amaliy ishlar boshlab yuborilgani ham keng jamoatchilikka ma’lum. 

Maqolaga kelsak. «Andijanskaya pravda» gazetasi muxbiri Shefiye Imanqulova fuqaro M.Mamadjanovaning  arizasi yuzasidan  jurnalistik surishtiruv o‘tkazish jarayonida sud majlisida ishtirok uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga borib, sud majlisida ishtirok etishida muammo tug‘ilgani aytilgan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, sudya N.Qambarov muxbirni shaxsan ko‘rmagani, gaplashmagani, jurnalist unga sud majlisida ishtiroki masalasida murojaat qilmaganini bayon qildi. M.Mamadjanovaning advokati Sh.O‘rinboyevaga ko‘ra, uning ham mijozi murojaati bo‘yicha sud majlisida muxbir ishtiroki haqida avvaldan xabari bo‘lmagan, sudyaning muxbirga sud majlisida ishtirok etishiga ruxsat bermagani xususida ham bexabar bo‘lganini bildirdi. Muxbir, uning o‘zi va mijozi tomonidan sudya go‘yoki jurnalist Sh.Imanqulovani sud majlisiga kiritmagani haqidagi dalolatnomaga kelsak, u (advokat)ning tushuntirish berishicha: «dalolatnoma sud majlisi tugab, hal qiluv qarori e’lon qilingandan so‘ng koridorda  yozilgan».

Chamasi, maqola muallifini shu dalolatnoma chalg‘itgan ko‘rinadi.

Qayd etish kerak,  sudda advokat Sh.O‘rinboyeva da’vogar tomonning emas, balki muxbirga murojaat qilgan javobgar tomonning huquq va manfaatlarini himoya qilgan.

Bundan tashqari xizmat tekshiruvi davomida Andijon viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi 1-alohida batalioni 3-otryad safdori Odiljon Karimov bilan suhbat o‘tkazilganda, 2019 yil 27 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi binosida xizmatda bo‘lganligini, shu kuni sud binosiga o‘zini muxbir yoki jurnalist sifatida tanishtirib, biror shaxs murojaat qilmaganligini, binoga kirganlarni qayd etish daftariga yozib borganligini bildirdi.

Albatta, jurnalistning  ochiq sud majlisida ishtirok etishi uning huquqi bo‘lib, bunga hech qanday monelik yo‘q. Yopiq sud majlisi bundan mustasno, albatta. Ommaviy axborot vositalari xodimlarining  ochiq sud majlislarida audio, video, foto vositalardan foydalanishi esa (taraflarning roziligi bilan) faqat raislik etuvchining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu ham qonun talabidir.

Jurnalistlarning ochiq sud majlislarida ishtiroki masalasida ba’zi holatlarda tushunmovchilik yuzaga kelayotgani bor gap. Alohida ta’kidlaymizki, bu borada muammo tug‘ilsa,  unga zudlikda yechim topishga imkoniyat bor. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmatining quyidagi  telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish kifoya:71-239-02-43.

Oliy sud Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring