Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Shanxay adliya idora va kompaniyalari bilan yuridik xizmatlar ko‘rsatish va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston Shanxay adliya idora va kompaniyalari bilan yuridik xizmatlar ko‘rsatish va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladi

Adliya vazirligi delegatsiyasi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti makonidagi huquqiy xizmatlar bo‘yicha forumda ishtirok etdi. Tadbir Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yil 25-26-sentyabr kunlari o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Forum ShHTga a’zo mamlakatlar adliya vazirlarining navbatdagi Majlisi arafasida tashkil etildi. Bu ShHT mamlakatlari o‘rtasida huquqiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikning yangi tashabbuslarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos imkoniyat bo‘ldi.

Forum doirasida adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulovning Xitoy Xalq Respublikasi adliya vaziri Fu Chjenxua bilan amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va XXR Adliya vazirliklari o‘rtasidagi ikkitomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ko‘p tomonlama formatlar, jumladan ShHT a’zo mamlakatlari Adliya vazirliklari majlisi platformasi doirasida o‘zaro hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.

Ular yuridik xizmatlar sohasini birgalikda rivojlantirish, huquqiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Forum doirasida adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulovning Turkiya Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Ugurxon Kus bilan ham amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat idoralari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning holati, bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov Shanxay politexnika fanlari va huquq universiteti(SHUPL) rektori Lyu Syaoxun bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Ular Toshkent davlat yuridik universiteti va Shanxay politexnika fanlari va huquq universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

1984 yilda tashkil etilgan Shanxay politexnika fanlari va huquq universiteti asosiy yuridik yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr, magistr va doktorantlarni tayyorlaydi. Shu bilan birga universitet siyosat, iqtisodiyot, sotsiologiya, boshqaruv, til va adabiyotdan va boshqalardan iborat yo‘nalishlararo ta’lim tizimiga ega. Ayni paytda universitet kampusida 10 mingdan ziyod, shu jumladan chet ellik talabalar tahsil olmoqda.

TDYuU va SHUPL bir necha yildan buyon o‘zaro hamkorlik olib bormoqda. Bundan avval universitetlar rahbariyati va o‘qituvchilarining o‘zaro tashriflari bo‘lib o‘tgan.

Shanhayga tashrif doirasida delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining aholiga notarial xizmatlar ko‘rsatish, notariat instituti samaradorligini oshirishning yangi usullari va sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish jarayonini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida Shanxay sharqiy notarial organiga tashrif buyurdi. O‘zbekiston notariat tizimidagi o‘zgarishlar Xitoy Xalq Respublikasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otib, ular o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Tashrif doirasida delegatsiya Shanxay sud ekspertizasi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Akademiya yo‘l hodisalari oqibatlarini o‘rganish, kriminalistik tadqiqotlar, biologik, toksikologik, tibbiy, ruhiy, patalogik ekspertiza kabi sohalarda sud ekspertizasini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Qolaversa, akademiya sud ekspertizasi sohasida me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqadi, chuqur tadqiqotlar olib boradi va ilmiy jurnallar chop etadi.

Ta’kidlash joiz, X.Sulamonova nomidagi Sud ekspertizasi markazi va Shanxay sud ekspertizasi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi «Allbright law offices» yuridik kompaniyasining bosh ofisiga tashrif buyurdi.

Ushbu kompaniyada 2,6 mingdan ziyod tajribali yuristlar faoliyat yuritadi. Ular kompaniya mijozlariga global miqyosda yuridik xizmatlar ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring