Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pul bilan o‘qishga kiritish va’dasi avj oldi

Pul bilan o‘qishga kiritish va’dasi avj oldi

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.J. boshqa bir fuqaroni O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya universitetiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament va DXXning Toshkent viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.Yo. boshqa bir fuqaroni o‘zining vakolatli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasiga o‘qishga kiritib, 2-kursdan O‘zbekiston Respublikasidagi oliygohga ko‘chirib berishi evaziga fuqaro Sh.X.dan firibgarlik yo‘li bilan 5 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dallillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament va DXXning Farg‘ona viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona Davlat universiteti talabalari X.M. va Sh.T. oldindan til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.B.ni o‘qishini xorij universitetidan Farg‘ona Davlat universitetiga ko‘chirib berish hamda ikki nafar fuqaroni Farg‘ona Davlat universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtlarida qo‘lga olinganlar.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Farg‘ona shahridagi «S» o‘quv markazi o‘qituvchisi E.A. fuqaro M.B.ni o‘qishini xorij universitetidan ko‘chirib berish hamda ikki nafar fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga talab qilgan 8000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168–moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Hurmatli ota-onalar va abituriyentlar!

Bugungi kunda, Respublikamizda mavjud 141 ta oliy ta’lim muassasalarining barchasiga onlayn hujjat topshirish va o‘qishga kirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, ya’ni har bir abituriyent bir vaqtning o‘zida mos ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 tagacha OTM larga hujjat topshirishi, shu bilan birga kirish imtixonlaridan yetarlicha ball to‘plolmagan taqdirda kontrakt yoki oshirilgan kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish orqali ham talaba bo‘lish mumkin.

Shunday ekan, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda, o‘qishga kirishda ochiqlik va shaffolik tamoyillari asosida harakat qilishingizni, firibgarlar tuzog‘idan ehtiyot bo‘lishingizni so‘rab qolamiz», deyiladi departament xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring