Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qarshi tumanidagi klaster Bosh vazir o‘rinbosari va vazirni sudga berdi

Qarshi tumanidagi klaster Bosh vazir o‘rinbosari va vazirni sudga berdi

Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev va Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Foto: Kun.uz

Qarshi tumanida paxta yetishtirish klasteri bilan shug‘ullanuvchi «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar ustidan Qibray tuman ma’muriy sudiga shikoyat arizasi kiritdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Qibray tuman ma’muriy sudiga Bosh vazirning agrar va oziq ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari buyicha o‘rinbosari – Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati va salohiyatini baholash bo‘yicha Respublika Ishchi guruhi rahbari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlarning Vazirlar Mahkamasida 2020-yil 8-aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasining qonuniy manfaatlarini buzadigan asoslantirilmagan ma’lumot taqdim etish bilan bog‘liq va yig‘ilish bayonida korxonaga biriktirilgan paxta tozalash zavodining bino va inshootlarini qaytarish, korxonasining paxta to‘qimachilik klasteri faoliyatni to‘xtatish va o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etish to‘g‘risida qaror qilinishi bilan bog‘liq  korxonaning qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlarini qonunga xilof deb topish haqida shikoyat arizasi kiritgan.

Ushbu ma’lumotlarni Qibray tuman ma’muriy sudi mas’ullari tasdiqlagan.

Dastlabki sud majlisi shu yilning 9-iyul kuni Qibray tuman ma’muriy sudida bo‘lib o‘tgan. Sud majlisi javobgarlarning hech biri sudda ishtirok etmagani sababli shu yilning 16-iyul kuni soat 11:00ga qoldirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi va Qarshi tuman hokimligi o‘rtasidagi nizo hamon davom etmoqda.

Avvalroq Qarshi tuman ma’muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.

Hozirda sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qarshi tuman prokurori tomonidan protest kiritilgani va ish Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring