Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qarz bergan boy bo‘lmaydimi?

Qarz bergan boy bo‘lmaydimi?

Foto: «Xabar.uz»

Muhtoj kishiga qarz berish xayrli amallardan hisoblanadi. Birovning og‘iri yengil, mushkuli oson bo‘lishi sababchisiga aylanmoq katta savob axir. Shuningdek, olingan qarzni vaqtida qaytarish majburiyati, odobi, qoidalari nafaqat milliy qonunchiligimizda, balki muqaddas dinimizda ham mukammal tarzda bayon etilgan. Masalan, marhumga janoza o‘qishdan avval uning qarzi bor-yo‘qligi alohida so‘raladi. Agar marhum qarzdor holatida vafot etgan bo‘lsa, uning majburiyatini yaqinlari zimmasiga olgandagina janoza o‘qilib, so‘nggi yo‘lga kuzatiladi. Shuning o‘zi qarz mas’uliyatining yuki qanchalar og‘ir ekaniga dalolat qilmayaptimi?

Albatta, hayotda barcha ham qarz oldi-berdisiga birdek mas’uliyat bilan qaramaydi. Shu bois odamlar orasida «Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim», degan naql yuradi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ba’zilar qarz olguncha ming tavallo qilib, qaytarishni hatto o‘ylab ham o‘tirmaydi.

Shunday hollarda qarz shartnomasi tuzilishi darkor. Hozirgi paytda qarz shartnomasi fuqarolar o‘rtasida amaldagi qonun hujjatlariga to‘liq amal qilingan holda tuzilmoqda. Qarz qaytirilmagan taqdirda sud qaroriga binoan undirib berilmoqda.

Shu o‘rinda ayrim misollarga e’tibor qaratsak.

Far­g‘ona shahrida yashovchi U.Rahmatjonovning uyiga tanishi M.Saidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) kelib, avtomashina sotib olayotgani, biroz yetishmovchilik bo‘layotganini aytib, qarz so‘raydi.

U.Rahmatjonov tanishining iltimosini rad eta olmaydi. Bolalikdan birga o‘sgan do‘sti, shunday paytda qo‘llamasa, uyat bo‘lar?!

M.Saidov qarzni kechi bilan ikki oyda qaytarib berishini aytib, ishontirish maqsadida 13 million so‘m qarz olgani haqida tilxat ham yozib beradi.

Biroq va’da vaqtida bajarilmaydi.

Bu orada U.Rahmatjonov M.Saidovning o‘yiga necha marta boradi, biroq quruq va’dalarga ko‘milib qaytadi, xolos. Nihoyat, pichoq suyakka yetgach, sudga murojaat qiladi.

Bu qarz bilan bog‘liq ko‘plab nizolardan bittasi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudlarida qarz undirish bilan bog‘liq nizolar ko‘pchilikni tashkil qilayotgani tashvishlanarli holdir.

Xususan, sudlarda 2018-yilning birinchi choragida shunday nizolarga oid 299 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, joriy yilning xuddi shu davrida ushbu turdagi ishlar soni 331 tani tashkil qilgan. Ya’ni ushbu ko‘r­satkich 10,7 foiz ko‘paygan.

Ko‘rilgan ishlardan qa­riyb 94,2 foizi bo‘yicha da’volar qanoatlantirilgan. Natijada fuqarolarning qarz munosabatlariga doir muammolari qonuniy va adolatli yechimini topgan.

Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu — sud qarorining ijrosidir. Aniqroq aytganda, qarzdorning qarzni qaytarishga mablag‘i bo‘l­masa, unda sud qarori ijrosi uning mol-mulkiga qaratilishi kerak.

Afsuski, ayrim hollarda qarzdorning mol-mulki ham yo‘qligi ij­ro varaqasi muallaq qolishiga olib kelayotir.

Bunday holatda nima qilish kerak?

Ayrim davlatlarning qo­nunlarida bunday holatda qarz olgan shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish me’yorlari ham ko‘zda tutilgan. Qarz oluvchining mas’uliyatini oshirish maqsadida amaldagi qonun hujjatlarimizga ana shunday me’yorlar kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar balki? Aks holda, bizning qadriyatlarga ko‘pam to‘g‘ri kelavermaydigan «Qarz bergan boy bo‘lmaydi» degan naql o‘zini tez-tez eslatib turaveradi.

N. Meliqo‘ziyev,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Farg‘ona viloyati sudining sudyasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring