Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qiz berganning tili qisiqmi? (yana bir qotillik haqida)

Qiz berganning tili qisiqmi? (yana bir qotillik haqida)

Bu jafokash dunyo nimalar ko‘rmadi? Taloto‘p urushlar, qirg‘inbarot, qon talash-jon talashlar... Nimalar ro‘y bermasin, insoniyat yashashga, yashaganda ham yaxshi yashashga intilib keldi. Necha asrlar ortda qoldi. Bilamiz, hali-hamon tinchliktalab, birgina xotirjamlik istaganlar, shungagina umidvor yashayotganlar bor...

Shukrki, biz jannatmakon yurtda tug‘ildik. Tug‘ilgandaki, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot sari ilgarilayotgan obod oshyonda yorug‘ olam ko‘rdik. Bizdan talab bitta: halol bo‘l va istaganingcha yasha!

Ming afsus! Ana shuni-da uddalay olmayotgan zamondoshlarimiz ham borki, boy berilgan o‘kinchlar, nadomadlar guvohimiz.

Chust tumanida sodir bo‘lgan vahshiyona fojia sababchisi ham ana shundaylardan edi. Qirqni hatlagan bu shaxsning asl illati — boqimandaligi edi.

Oila, turmush, farzandlar saodati yo‘lidagi er kishi tinim bilmaydi, aslida. Bu esa har kunining fayziyobligi asosi.

...Uyda yotib zerikkan Mansur Ochilov (ism shariflari shartli o‘zgartirilgan) ko‘chaga chiqarkan, hammahalla og‘aynisi bilan laqqillashib, gap ichkilikka qadaldi. Nafs jilovi qo‘ldan ketdi. Ichkilik bo‘ldi.

Ro‘zg‘or uchun otasidan pul olib bozordan kelgan ayol erining turishidan achchiqlandi. Ammo gapirmadi, chunki uning fe’lini bilardi.

Ular o‘rtasida qisqa suhbat kechdi.

Er: «O‘n ming so‘m orttirib keldingmi?».

Ayol: «Yo‘q, orttirolmadim!»

Shugina gap bir inson umriga zomin bo‘ldi.

Bozorlik pulidan «iqtisod» qilmagan ayol xo‘rlandi, kaltaklandi.

Ayol otasini chaqirtirdi.

«Erkak bo‘lib bir ro‘zg‘orni eplamagan er xotin urarkanmi?!»

Bu taxlit ta’na kuyovga yoqmadi. Boz ustiga u shirakayf, alamzada edi. «So‘z jangi» borib kaltakbozlikka o‘tdi.

Kuyov kuchli. Qaynota keksa, ojiz. Otasining yuz-ko‘zi, boshiga kurakcha bilan tushayotgan zarbalardan yuragi ortiga tortgan ayol erining qo‘liga yopishib, kurakchani tortib oldi. Ammo er hali hovridan tushmagandi. Oshxonaga yugurib bolta bilan qaytdi. Holi qurigan, qo‘rqib ketgan qaynota qocha boshladi. Biroq yo‘l-yo‘lakay qoqildi. Vajot bilan yetib kelgan kuyov boltani qaynotaning boshi uzra ko‘tardi...

...Ozodlikning qadri, hayotning orqa tomoni – temir panjara ortida. Buni ayni o‘sha kundan his eta boshlagan Mansur Ochilov suddan yengillik so‘rab zorlandi.

Shiringina turmush, mehnat, halol va totli rizq ko‘z oldidan o‘tgan bo‘lsa, ne ajab?!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi raisi D.Kamilov raisligida ushbu qotillik jinoyati har tomonlama o‘rganib chiqilib, mavjud dalillarga qayta-qayta aniqlik kiritilgan holda kuyov O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «v, j» bandlari bilan aybli deb topilib, 12 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

Ko‘pincha, shunday qotilliklardan keyin boshqalar tomonidan tuppa-tuzuk oilaning farzandi edi, degan gaplarni eshitamiz. Ha, atrofimizdagi deyarli barcha oilalar tuppa-tuzukka o‘xshab ko‘rinadi. Biroq, tuppa-tuzuk oilaning farzandi bunday mudhish qotillikka qo‘l urmaydi. Ko‘plar tuppa-tuzuk deb o‘ylaydigan oilada qandaydir «murvat» ishlamaydi yoki noto‘g‘ri «burab» qo‘yilganday. Bu oilalarda erning xotinga, bolalarga munosabati qanday?

Yana bir gap: bizda ko‘plab jamoatchilik tashkilotlari mavjud. Mahalla, Nuroniy, «Oila» markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi.... Ular shu kabi notinch oilalarning ichiga kirib borolmayaptimi? Qolaversa, mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan sudlanuvchiga beriladigan tavsifnomani, hatto qasddan odam o‘ldirgan insonga ham ijobiy qilib berish holatlari hamon uchramoqda. Shu asoslarga ko‘ra, sud sudlanuvchi istiqomat qiluvchi mahalla fuqarolar yig‘iniga nisbatan xususiy ajrim chiqardi va tuman hokimligiga yubordi.

Xullas, qaynotasini o‘ldirgan kuyovga o‘qilgan hukm uni panjara ortiga ravona qildi. Biz istisno tarzda demoqchimiz: boqimandalik, yalqovlik er kishini ojiz etuvchi xavfdir. Bundan-da kuchli xavf esa befarqlikda!

Akramjon Aripov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi bo‘lim boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring