Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘qonda yirik o‘g‘rilik. Bosh gumondor — sudyaning o‘g‘li!

Qo‘qonda yirik o‘g‘rilik. Bosh gumondor — sudyaning o‘g‘li!

Коллаж: «Xabar.uz»

Qo‘qonda yirik o‘g‘rilik jinoyati fosh etildi. Xabarlarga qaraganda mahalliy oilaviy tadbirkor — R.I. xonadonidagi seyfdan juda ko‘p miqdorda (yetti yuz besh ming AQSh dollari!) pul o‘g‘irlangani o‘tgan yilning bahorida ayon bo‘lgan. Biroq jabrlanuvchilar o‘g‘ri uzoqdan emas, «o‘zlarining ichidan» bo‘lishi ehtimolidan kelib chiqib, to kalavaning uchi topilmaguncha bu haqda tegishli organlarga xabar berishdan tiyilishadi. Natijada xonadon a’zolarining o‘zlari kuzatuv ishlarini olib borib, o‘n bir oy deganda muayyan dalillarga ega bo‘lgachgina, ichki ishlar organiga murojaat qilishadi.

O‘tkazilgan surishtiruvlar gumonlarni tasdiqladi: darhaqiqat, shuncha pulni begona urib ketmagan ekan: u shu xonadon haydovchisi I.A. bo‘lib chiqdi. Unga shu xonadon kelini yordam bergani aytilmoqda. Ayni paytda I.A. hibsga olingan, deydi «Xabar.uz» manbasi.

Bu hammasi emas. Manbamizga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha boshqa gumondorlar ham bor. Ular o‘g‘rilikka bevosita aloqdor emas. Aytilishicha, ayni paytda hibsdagi I.A.ning «ishi»dan o‘z vaqtida qandaydir yo‘llar bilan xabar topgan bir tanishi (u ham tadbirkorlar oilasiga yaxshi tanish) unga «qilmishini aytib berish» bilan tahdid qilib, yuz ming AQSh dollariga yaqin pul «ishlab» («shilib» desa, to‘g‘riroq bo‘lar?) oladi. O‘g‘rini qaroqchi urdi, deganlari shu bo‘lsa kerak.

E’tiborga molik yana bir holat: hibsdagi I.A.ning onasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi sudyasi (!) ekani aytilmoqda. Gumondorning otasi ham huquq sohasiga begona emas ekan: ancha yillar sud tizimida ishlab, ayni paytda advokatlik amaliyoti bilan shug‘ullanadi, deyilmoqda. Biroq unda o‘g‘liga advokatlik qilish imkoniyati yo‘q. O‘g‘ilning ishi bo‘yicha otaga ham turli ehtimollar tushishi sabab, jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etolmaydi.  

Ayni paytda Farg‘ona viloyat IIB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring