Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ruslanbek Davletov Amerika yuristlari assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashdi

Ruslanbek Davletov  Amerika yuristlari assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashdi

Bugun, 17-oktyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yurtimizga vazir taklifiga binoan tashrif buyurgan Amerika yuristlari assotsiatsiyasi (ABA) prezidenti Robert Karlson bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlari faoliyati  bilan tanishish, shuningdek, sud-huquq sohasidagi so‘nggi ijobiy islohotlar yuzasidan masalalarni muhokama qilishdan iborat. 

Tomonlar me’yoriy-huquqiy hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqishga ko‘maklashish, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish, kelgusida O‘zbekistonda advokatlar instituti  va yuridik ta’lim tizimini rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, jumladan adliya organlari xodimlarining boshqa yuridik firmalarda stajirovka o‘tashi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

O‘z navbatida Robert Karlson Adliya vazirligi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik izhor qildi. U mamlakatda qonun ustuvorligi, adliya va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy o‘zgarish va islohotlarni alohida qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ABA prezidentining Bosh prokuratura, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Sudyalar oliy kengashi, Advokatlar palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Toshkent davlat yuridik universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, ABA AQShning yirik va nufuzli jamoat tashkiloti hisoblanadi.  400 mingdan ziyod amaliyot o‘tayotgan yuristlar, sudyalar, davlat prokurorlari, advokatlari, notariuslari, ilmiy doira va boshqa yuridik kasb vakillari assotsiatsiya a’zolari hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring