Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘m ramzi o‘g‘irlangan hisoblanmaydi – Adliya vazirligi

So‘m ramzi o‘g‘irlangan hisoblanmaydi – Adliya vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlardagi O‘zbekiston milliy valyutasi – «so‘m»ning ramzi va Fransiyaning «IN-CORE systems» kompaniyasi logotipidan o‘g‘irlab olinganligi haqidagi xabarga Adliya vazirligining munosabati e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Fransiyaning «IN-CORE systems» kompaniyasi belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgilar dunyoning bir qator davlatlarida (AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Hindiston) ham foydalanib kelinadi.

«Ta’kidlash joizki, intellektual mulk ob’yektlarining huquqiy muhofazasi territorial (hududiy) xarakterga ega. Boshqacha aytganda, intellektual mulk ob’yekti ma’lum bir davlat hududida huquqiy himoyadan foydalanadi. Shu jumladan, tovar belgisi ham tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng huquqiy muhofazaga ega bo‘ladi.

Fransiyaning «IN-CORE systems» kompaniyasi belgisi O‘zbekiston Respublikasida tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va muhofaza qilinmagan.

Ushbu holatni mualliflik huquqi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida Bern konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq, mualliflik huquqi yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi va uning yuzaga kelishi hamda amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar) mualliflik huquqi ob’yektlari hisoblanmaydi», deyiladi rasmiy munosabatda.

Ta’kidlanishicha, mazkur belgini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va muhofaza qilish maqsadida Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinmagan. Agar, ushbu belgini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinsa, holat ekspertlar tomonidan to‘liq o‘rganilib, tegishli tartibda xulosa beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha so‘mning ramzi e’lon qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring