Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sportchi Elbek Rahimovning qotillariga hukm o‘qildi. Uyushgan guruhda ichki ishlar sobiq xodimlari borligi ma’lum bo‘ldi

Sportchi Elbek Rahimovning qotillariga hukm o‘qildi. Uyushgan guruhda ichki ishlar sobiq xodimlari borligi ma’lum bo‘ldi

Bugun, 2022-yil 5-may kuni Qashqadaryo viloyat sudida 26 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi F. Yusupov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchilarning barchasi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, ularning 3 nafari voyaga yetmagan shaxs hamda 3 nafari ichki ishlar organlarining sobiq xodimlari.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230-1, 241-1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10 800 000 so‘m miqdorida moddiy zarar va 150 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning avgust oyida Qarshi shahrida sport ustasi E. Rahimov o‘ldirib ketilgan edi.

Shu yilning 6 yanvar kuni, Qashqadaryo viloyat sudida sudlanuvchilar T. Aliyev va boshqalar (jami 26 shaxs) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring